TOSHKENT SHAHAR ICHKI ISHLAR BOSH BOSHQARMASI

Kitob — eng yaxshi suhbatdosh va tarbiyachi

Har yili 21 may kuni axborot-kutubxona tizimi xodimlari kuni nishonlanadi. Shu kuni  qo‘lyozmalar shaklida bitilgan milliy va madaniy merosimizni saqlash va tarqatishda jonbozlik ko‘rsatayotgan, vazifalarini fidoyilik bilan bajarib, ilm ziyosini tarqatishga o‘z hissalarini qo‘shib kelayotgan  barcha xodimlarni  qutlash anʼanaga aylangan.Toshkent shahar IIBB kutubxonasi xodimlarning maʼnaviy ozuqa olish manbai desak, mubolag‘a bo‘lmaydi. Zotan, ichki ishlar xodimlarini maʼnaviy saviyasini oshirish, madaniyatini yuksaltirish, dunyoqarashini shakllantirishda kitobning, nashrlarning o‘rni beqiyosdir. Kutubxona fondi  yangi adabiyotlar, nashrlar bilan to‘ldirib borilmoqda. Bugungi kunda uning fondida  to‘rt mingdan ortiq  turli mavzulardagi adabiyotlar mavjud.2019 yilda Respublikamiz Prezidentining “O‘zbekiston Respublikasi aholisiga axborot-kutubxona xizmati ko‘rsatishni yana-da takomillashtirish to‘g‘risida”gi Qarori kutubxonaning o‘quvchilarga xizmat ko‘rsatish imkoniyatlarini yana-da keng ochib berdi.  Ilg‘or texnologiyalar  asosida qayta jihozlangan ziyo maskani Axborot-resurs markazi deb qayta nomlandi va Alisher Navoiy nomidagi O‘zbekiston milliy kutubxonasiga internet orqali ulandi. Bu kitobxonlarga 27 mingdan ortiq adabiyotlardan elektron ravishda bepul foydalanish imkonini yaratdi.— Hozirgi kunda kitobxonlar soni oshib borayotgani quvonarlidir, — deydi  poytaxt IIBB Axborot-resurs markazi bosh kutubxonachisi lavozimida ishlab kelayotgan  Ozoda Abduvaliyeva. — Markazda Yurtboshimiz asarlari, huquq-tartibot, qonunchilikka doir, tarixiy, badiiy asarlar joy olgan. Shuningdek, ichki ishlar faoliyatini bevosita yoritib kelayotgan “Postda” gazetasi, “Qalqon”-“Щит” jurnallarining har bir sonlari yig‘ilib boriladi. Mazkur kutubxonadan chiqmay turib, vaqtli matbuot nashrlari portalida 60 dan ortiq nomdagi gazeta va jurnallarning elektron shaklidan foydalanish mumkin. Shuningdek, istalgan adabiyotingiz audiokitobini yuklab olishingiz imkoni mavjud.Shu o‘rinda  Ozoda Abduvaliyevaning 1987 yildan IIBB huzuridagi Manzil-maʼlumot berish xizmatida oddiy ro‘yxatchi bo‘lib ishlab, boshliq o‘rinbosari lavozimigacha bo‘lgan yo‘lni bosib o‘tganini qayd etish kerak.— Xodimlar faqat o‘zlari uchun emas, balki keksa ota-onalari uchun ham  kitoblar olishadi, — deydi mamnuniyat bilan Ozoda, — Yozgi taʼtil boshlanishi bilan kitobxonlarning  faolligi yana-da oshadi. Bu vaqtda farzandlari uchun ham adabiyotlar tanlash kuchayadi. Kutubxonada barcha yoshdagi o‘quvchilarni qiziqtiruvchi adabiyotlar yetarli.Kutubxona fondi har yili yangi nashrlar, kasbga taalluqli, ilm-fanga oid adabiyotlar bilan to‘ldirib borilmoqda.Kutubxonaga qancha xodim ko‘p tashrif buyursa, O.Abduvaliyeva shunchalik quvonadi. Axir kitob bilan oshno bo‘lgan inson yomonlikdan uzoq bo‘lishiga, ezgulik va yaxshilikka intilishiga ishonadi u.Bu dargohga nafaqat xodimlar balki maktab, litsey  o‘quvchilari, voyaga yetmaganlar bilan ishlash markazi  tarbiyalanuvchilari va boshqalar ham tashrif buyurishadi. Turli uchrashuv, ko‘rik-tanlovlar o‘tkazib boriladi.Ayni kunda markaz 700dan ortiq obunachiga ega.  Axborot-resurs markazi shinam, ozoda, yorug‘, kitoblar mavzular bo‘yicha tartib bilan joylashtirilgan. Shu bois o‘quvchi bu yerdan o‘ziga kerakli bo‘lgan adabiyotni tezda topib oladi.Qahramonimiz aytganidek, kitob o‘qigan kishi madaniyatli, maʼrifatli bo‘lib, bundaylar bilan suhbatlashish  yoqimli va foydalidir. Shundaylargina ichki ishlar idoralarida ishlashga munosib. Kitob bilan do‘stlashuvchilar, kitob mutoalasiga ishtiyoqmandlar safi ko‘payaversin. Biz esa IIBB Axborot-resurs markazi bosh kutubxonachisi Ozoda Abduvaliyevani kasb kuni bilan samimiy tabriklab qolamiz.

18 May 2024 Yil

72

Nafs izmida

Katta yo‘l yoqasida ikki yigit avtomashina to‘xtatmoqda. To‘xtagan haydovchiga manzilni aytarkan, kira haqqini savdolasha boshladi.  Gapga tutdi. Haydovchi o‘ng yo‘lovchiga burilganda, chapda turgani uning uyali telefonini o‘mardi. Puliga kelishmagan haydovchi  yo‘lida davom etdi. Zum o‘tmay boshqa avtomashina to‘xtatildi. Boyagi holat yana takrorlandi. Telefonini yo‘qotgan bir necha haydovchilar ichki ishlar organlariga murojaat qila boshladi. Xodimlar tomonidan ularning fotoroboti yaratilib, ishga kirishildi.O‘g‘rilarning iziga tushgan xodimlar poytaxt tumanlari ko‘chalarini nazoratga olishdi.  Kuzatuvlar olib borilayotgan kunlarning birida xodimlar diqqatini Chorsu bozori yonida  avtomashina to‘xtatayotgan ikki yigit tortdi.  Rejaga ko‘ra xodimlarning biri taksichi sifatida ularning yonida to‘xtadi. Ikkinchi xodim masofadan turib, voqeani kuzata boshladi.   Yo‘lga qo‘yilgan usul bo‘yiicha  “haydovchining” uyali telefoni o‘g‘irlandi. Narxini kelisha olmagan “haydovchi”  yo‘lida davom etdi. Uncha uzoqlashmay 50 metrlar narida to‘xtab ikkisini  kuzata boshladi.  Yana  bir necha haydovchi ularning tuzog‘iga ilindi. Haydovchilarni chuv tushirib kelayotgan o‘g‘rilar shular ekanligi maʼlum bo‘lgach, xodimlar ularni qo‘lga olishdi. Ular giyohvandlik moddalari taʼsirida ekanligini tekshiruvlar tasdiqladi. So‘roq vaqtida  yigitlar qilmishlarini tan olishmadi. Giyohvandlik moddasining taʼsiri tarqagach, videotasvirlarni ko‘rib, lol bo‘lib qolishdi.  So‘ng ular o‘g‘irlangan  narsalarni arzon garovga sotib o‘zlariga kerakli  giyohvand moddalarni sotib olishganligini bayon etishdi.  Tergov jarayonida giyohvand moddalar isteʼmoli uchun shu usulda pul topayotgan yigitlar poytaxtning ko‘plab tumanlarida yigirmaga yaqin ana shunday o‘g‘irliklarni amalga oshirgani aniqlandi.Shu o‘rinda sog‘lom, kuch-quvvatga to‘la, navqiron yigitlarning o‘z hayotlarini  mana shu alfozda  olib borayotganidan afsuslanib ketasan. Axir giyohvandlikning oxiri ayanchli tugashini nahot bilishmaydi. Nahot  aniq dalillar misolida ko‘rsatilayotgan ko‘rsatuvlar, ijtimoiy tarmoqlardagi kontentlar ibrat bo‘lmasa. Nahot inson o‘z-o‘ziga dushman bo‘lsa? Hayotini, o‘zini, yoshligini qadrlay bilmasa.  Odatda giyohvandlar 40 yoshga ham yetib-yetmaydi, organizmning  sillasi qurib, giyohvand moddaning ozginasini ham ko‘tara olmay qoladi oxiri. Bu - giyohvand modda o‘ljasini mahv etdi degani. Giyohvandlar boshqa jinoyatlardan ham tap tortmasligi esa bu kabi misollar bilan o‘z tasdig‘ini topib kelmoqda.

18 May 2024 Yil

73

Interaktiv xizmatlar

Text to speech