TOSHKENT SHAHAR ICHKI ISHLAR BOSH BOSHQARMASI

Halol, sidqidildan xizmat eʼtiborsiz qolmaydi

Ichki ishlar organlari xodimlarining yurtimizda tinchlik-osoyishtalikni taʼminlash, jamoat tartibini saqlash borasida amalga oshirayotgan ishlari hukumatimiz hamda fuqarolarning eʼtiboridan chetda qolayotgani yo‘q. Yildan yilga ichki ishlar organlarining moddiy-texnika bazasi zamonaviy kuch-vositalar hamda salohiyatli, maʼnaviy-maʼrifiy yetuk xodimlar bilan jamlanib, takomillashib bormoqda. Jumladan, o‘z xizmat vazifalariga sidqidildan yondashib, davlatimiz, xalqimizning manfaatlarini munosib himoya qilib kelayotgan xodimlarning xizmatlari eʼtirof etilib, tizimli ravishda rag‘batlantirib kelinayotganini qayd etish lozim. Shunday tadbirlarning biri “Navro‘z” umumxalq bayrami arafasida Respublika Mudofaa vazirligiga qarashli O‘zbekiston Respublikasi Qurolli Kuchlari davlat muzeyi, “Vatanga qasamyod” haykali maydonida bo‘lib o‘tdi. Tadbirda Mirzo Ulug‘bek tumani hokimi B.Gaibnazarov, tuman prokurori, adliya katta maslahatchisi O.Mannanov, Toshkent shahar IIBB Moliya va moddiy-texnika taʼminoti boshqarmasi boshlig‘i, polkovnik X.Shamsutdinov, tuman IIO FMB boshlig‘i, podpolkovnik I.Rashidov va uning o‘rinbosarlari, sohaviy xizmat rahbarlari, faxriylar hamda mehmonlar ishtirok etishdi. Yig‘ilishda ichki ishlar xodimlarining jinoyatchilikka qarshi kurash, huquqbuzarliklarning oldini olish, jamoat tartibini saqlash, fuqarolarning erkinliklari, haq-huquqlarini himoya qilish borasida olib borayotgan fidoyi xizmatlari eʼtirof etilib, hamkasblariga o‘rnak bo‘lib kelayotgan 16 nafar xodimlarga navbatdagi unvonlar, bir qator xodimlarga esa pul mukofotlari topshirildi. Bir nafar ayol xodima III-darajali “Ichki ishlar organlarida benuqson xizmatlari uchun” ko‘krak nishoni yana biri IIBBning Faxriy yorlig‘i bilan rag‘batlantirildi. Tadbir davomida tuman hokimi tomonidan 2 nafar profilaktika inspektoriga xizmat uylari, tuman IIO FMB JTSB PPX inspektorlariga xizmatda foydalanish uchun 11 dona “Cobalt” avtomashinalarining kalitlari tantanali ravishda topshirildi. Ushbu tadbir el-yurt tinchligi va osoyishtaligini taʼminlash yo‘liga taqdirlarini bog‘lagan xodimlarni ruhlantirib, xizmat vazifalariga sadoqat hamda yana-da masʼuliyat bilan yondashish, yangi yutuqlar sari ikkilanmay qadam tashlashlariga xizmat qilishiga aminmiz.

18 Mart 2026 Yil

161

Fidoyi xodimlar oramizda

Yurtboshimizning respublikamiz mahallalarida xavfsiz muhitni yaratish,  huquqbuzarliklarni barvaqt aniqlash orqali ularga barham berish borasida imzolagan qarorining ijrosi poytaxt ichki ishlar xodimlarining, ayniqsa mahallalarda faoliyat yurituvchi profilaktika inspektorlarining kundalik dolzarb vazifasiga aylanib, barcha kuch-vositalar hududlarda kriminogen vaziyatni barqarorlashtirish, ish samaradorligini oshirishga qaratilgan. Profilaktika inspektorlarining  mahalla ahli, “yettiligi”, korxona-tashkilotlar mas’ullari bilan bir yoqadan bosh chiqarib jinoyatchilik hamda huquqbuzarliklarga qarshi kurashi natijasida ko‘plab mahallalarda tinchlik va osoyishtalik hukm surmoqda. Poytaxtimizning Chilonzor tumanida joylashgan “Xirmontepa” mahallasida yetti mingga yaqin turli millat vakillari istiqomat qilib kelishadi. Mahalla “sariq” toifada. Mahallada tinchlik-osoyishtalikni ta’minlash, jinoyatchilik, huquqbuzarliklarning barvaqt oldini olish orqali mahallani namunali “yashil” toifaga o‘zgartirish   mazkur hududda xizmat olib borayotgan ichki ishlar xodimlari, profilaktika inspektorlarining maqsadi. Joriy yilning 13 mart kuni mahalla hududini aylanib yurgan kapitan Laziz Abdikarimov  42-uyning oldidan o‘tayotib, ikki yigitning xatti-harakatiga e’tiborini qaratdi. Ular formali xodimni ko‘riboq, ko‘zlarini olib qochib, ketishga taraddudlanishdi. Laziz ularning oldiga borib, shaxsi, kimni kutayotgani haqida so‘rab-surishtirayotganida ular gapni chalg‘itib, tezroq ketishga urinishdi. Laziz ularning qo‘lidagi qora sumkasini ochishni so‘raganida ular sumkani tashlab qocha boshlashdi. Jismoniy mashg‘ulotlarda chiniqqan Laziz ularni quvib ketarkan, mahalla ahli yordamga oshiqishdi. 2004 yilda tug‘ilgan har ikki zahri-qotil tarqatuvchi yigitlar qo‘lga olinib, xolislar ishtirokida sumka tekshirilganda, uning ichida kapsula shaklidagi 285 dona kuchli ta’sir qiluvchi psixotrop moddalar aniqlanib olindi. Yigitlarning telefoni tekshirilganida, ular  2 joyga 5tadan 10ta xuddi shunday kapsulalarni maxfiy yashirib qo‘yganligi aniqlandi. Kapitan Laziz Abdikarimov ichki ishlar organlaridagi faoliyatini 2019 yilda Respublika IIV Akademiyasini bitirib, Mirobod tumani “Yangi Mirobod” mahallasi profilaktika inspektori lavozimidan boshlagan. So‘ng Chilonzor tumanida joylashgan og‘ir  – “qizil” toifada bo‘lgan “Beshqo‘rg‘on” mahallasida xizmatni davom ettirdi. 2025 yildan mazkur “Xirmontepa” mahallasida profilaktika inspektori bo‘lib xizmat qilib kelmoqda. Uning hushyorligi va tezkor harakatlari tufayli necha o‘nlab xonadonlarga kulfat keltiruvchi, oilalar parokandaligiga sabab bo‘luvchi jinoyatlar kelib chiqishining oldi olinishiga erishildi. Uning kasbiga fidoyiligi,  burchiga sadoqati, matonati rahbariyat tomonidan e’tiborsiz qoldirilmadi. Kuni kecha Toshkent shahar IIBB majlislar zalida o‘tkazilgan yig‘ilishda poytaxtning Chilonzor tumani IIO FMB  HPB profilaktika inspektori, kapitan Laziz Abdikarimovga navbatdan tashqari “mayor” unvoni berildi. Mazkur unvon lavhamiz qahramonini  o‘z burchiga mas’uliyatini yanada kuchaytirib, zimmasidagi vazifalarni sidqidildan  bajarishida ruhlantirib, yangi muvaffaqiyatlar sari yetaklashi, tabiiy.

17 Mart 2026 Yil

489

Interaktiv xizmatlar

Text to speech