Bugungi axborot asrida jinoyatchilikning yangi ko‘rinishi – kiberfiribgarlik jamiyat xavfsizligi uchun jiddiy tahdid bo‘lib qolmoqda. Internet orqali amalga oshirilayotgan turli nayrang va aldov usullariga qarshi kurashda fuqarolar ongida hushyorlik va huquqiy bilimni mustahkamlash muhim ahamiyat kasb etadi. Bu borada Yunusobod tumani IIOFMB HPB Axborottexnologiyalari sohasidagi jinoyatlarning oldini olish bo‘limi tomonidan bir qator ishlar amalga oshirilmoqda.
– Joriy yilning o‘tgan 10 oyi davomida zamon talablariga mos ravishda, axborot targ‘ibot ishlari internet maydonida ham keng qamrov da tashkil etildi, – deydi tuman IIOFMB HPB ATSJOOB inspektori, katta leytenant B.Ibragimov. – Faqatgina an’anaviy targ‘ibot uchrashuvlarini tashkil etish bilan cheklanib qolmasdan OAV, shuningdek, blogerlar bilan hamkorlikda Instagram, Telegram va YouTube tarmoqlariga ham targ‘ibot videoroliklari joylashtirib borilmoqda. Shuningdek, tumanning aholi gavjum nuqtalarida uchrashuv va davra suhbatlari tashkil etilib, bozorlar, hayvonot bog‘i hamda ta’lim muassasalarida axborot bannerlari o‘rnatildi. Mana shu keng qamrovli tadbirlar natijasida, kiberfiribgarlik holatlari bo‘yicha fuqarolarning xabardorlik darajasi oshdi, ehtiyot choralari haqidagi ma’lumotlar keng tarqatildi.
– Firibgarlik va kiberjinoyatlarga qarshi kurashda boshqa sohaviy xizmatda faoliyat yuritayotgan hamkasblarimiz bilan hamkorlikda ish olib borilmoqda, – deydi tuman IIOFMB HPB ATSJOOB inspektori, katta leytenant O. Mo‘minov. – Bu hamjihatlik orqali fuqarolar bilan to‘g‘ridan-to‘g‘ri muloqot kuchaytirildi, profilaktika ishlarining samaradorligi yanada ortdi. Bu turdagi jinoyatlar aniqlanish darajasi ham oshib bormoqda.
Tuman miqyosida amalga oshirilayotgan ushbu yo‘nalishdagi ishlar nafaqat jinoyatchilikning oldini olishga, balki fuqarolarning huquqiy ongi va kibermadaniyatni yuksaltirish hamda ushbu turdagi jinoyatlarga qarshi immunitetni yanada kuchaytirishga xizmat qilmoqda.
Sarvar SOBIROV, o‘z muxbirimiz Fotosuratlar: Abu KENJAYEV va Ikrom HASANOV