31 Yanvar 2026 Yil 0

Yangi O‘zbekiston – yangicha tizim

Prezidentimiz Shavkat Mirziyoyev raisligida o‘tkazilgan davlat va jamiyat xavfsizligiga to‘g‘ridanto‘g‘ri tahdid qilayotgan uyushgan jinoyatchilik, narkojinoyatlar, kiberjinoyatlar va yashirin iqtisodiyot bo‘yicha ta’sirchan choralarni belgilash yuzasidan videoselektor yig‘ilishida yangicha tizimni yo‘lga qo‘yishni Chilonzor tumani misolida tushuntirib berdi.

Xususan, o‘tgan yili tumanda oldini olish mumkin bo‘lgan 1 ming 407 ta jinoyat sodir etilgan. Ularning 40 foizi mahalla hududida bo‘lgan. Yoki o‘g‘rilik, talonchilik, tan jarohati, bezorilik kabi jinoyatlar asosan tungi vaqtda sodir etilmoqda. Shu bois, jamoat xavfsizligi kuch-vositalarini boshqarish yangicha tashkil qilinadi. Patrul-post, yo‘l-patrul, qo‘riqlash va profilaktika xizmatlari tun-u kun 3 smenali xizmat rejimiga o‘tadi hamda 70 foizi soat 17 dan tungi 3 gacha patrullik qiladi. Patrul guruhlari huquqbuzarlik to‘g‘risida xabar kelib tushganda, voqea joyiga 5 daqiqa ichida yetib keladigan tizim bo‘ladi.
Tumandagi 5 ta ichki ishlar bo‘limi boshlig‘i o‘rinbosarlari tungi xizmatni bevosita mahallalarda tashkil qiladi. Ular tungi vaqtda o‘z boshliqlariga berilgan barcha vakolatga ega bo‘ladi, mustaqil qaror qabul qiladi va mas’uliyatni ham to‘liq zimmasiga oladi. Bundan buyon tuman ichki ishlar bo‘limi boshlig‘ining jamoat tartibini saqlash bo‘yicha o‘rinbosari va 5 ta ichki ishlar bo‘limi boshlig‘i o‘rinbosarlari boshqa ishlarga umuman jalb qilinmaydi. Ularning faoliyati faqat vazirning buyrug‘i bilan tartibga solinadi.

Shuningdek, Ichki ishlar va Milliy gvardiya xodimlariga tungi xizmatining har soatiga bazaviy hisoblashning 5 foizi miqdorida kompensatsiya to‘lanishi belgilandi.

Aholining huquqlarini ta’minlash va qulay sharoit yaratish maqsadida sudlar, advokatura, sud-tibbiy ekspertizaning ham markazlashgan tungi navbatchiligini tashkil etish bo‘yicha xorijiy tajribani o‘rganish topshirildi.

Ilg‘or tajriba asosida aholi gavjum joylarda dron yordamida patrullik kuzatuvi yo‘lga qo‘yiladi.

Chilonzor tumani ichki ishlar xodimlari sohasi va hududidan qat’i nazar, fuqaro murojaatini qabul qiladi, ko‘chada formali xodimga qilingan murojaat «102»ga xabar bergan bilan teng bo‘ladi.

Tumandagi barcha 55 ta mahalladagi profilaktika inspektorining xizmat xonasi eshigi u bilan tezkor bog‘lanish uchun aloqa tugmasi bilan jihozlanadi. Ya’ni, profilaktika inspektori qayerda bo‘lmasin, aholi uni qo‘l telefoni va planshetiga tun-u kun bog‘lanishi mumkin bo‘ladi.

Profilaktika inspektori uchun zamonaviy, xalqqa yoqadigan ko‘rinishda formani tayyorlash topshirildi. Inspektorlarning ishi raqamlashtiriladi, «ovozli tushuntirish xati» olish amaliyoti yo‘lga qo‘yiladi.

Shuningdek, tuman ichki ishlar tergov bo‘limida materiallarni ko‘rib chiqadigan tergovga qadar tekshiruv guruhlari tuziladi. Bundan buyon profilaktika inspektoriga KPI qo‘yishda protokol tuzish mezon bo‘lmaydi. «Huquqbuzarliklar profilaktikasi to‘g‘risida»gi qonun ham juda deklarativ yozilgani, haqiqiy holat asosida amalda ishlaydigan yangi qonun loyihasini ishlab chiqish, Ma’muriy javobgarlik to‘g‘risidagi kodeksni ham profilaktikaga yo‘naltirgan va ta’sirchanligini oshirgan holda yangilash muhimligi ta’kidlandi.

Joriy yil 1-iyuldan poytaxtdagi profilaktika xodimlariga aynan shu sohada ko‘p yillik staji uchun 5 million so‘mgacha oylik ustama beriladi. 1-fevraldan yuridik oliygohni bitirib, ichki ishlar tizimiga ishga kirganlarga oliygohda o‘qigan davri ham stajga qo‘shiladi. Viloyatdan kelib, poytaxt ichki ishlar idoralarida ishlayotgan xodimlarning uy ijarasiga oylik to‘lov 1,8 million so‘mdan 3,1 million so‘mga oshiriladi. 1-fevraldan ichki ishlar xodimlari uchun qurilayotgan uylarning 30 foizi faqat profilaktika inspektorlariga beriladi.

© «Postda – На посту», №5 (4751), 2026-yil 29-yanvar

Barcha yangiliklar

Text to speech