19 Oktyabr 2025 Yil 0

Yangi avlod tergovchilari

Ichki ishlar organlarida xalq manfaati va yurt osoyishtaligi yo‘lida sidqidildan xizmat qilayotgan fidoyi yoshlardan biri leytenant Doniyor Asatullayevdir.
Yakkasaroy tumanidagi «Bog‘saroy» mahallasida ustozlari – mayor Bekzod Kirgizbayev va kapitan Jamshid Dadaboyev qo‘l ostida profilaktika inspektori yordamchisi sifatida faoliyat yuritishi mobaynida sohaga qiziqishi yanada ortgan lavhamiz qahramoni orzusini amalga oshirish niyatida IIV Akademiyasini muvaffaqiyatli yakun lagandan so‘ng Shayxontohur tumani IIOFMB huzuridagi Tergov bo‘limida tergovchi lavozimida xizmatni boshlagan.
Oldindan sohaning ichida yurgan va Akademiyada ustozlaridan saboq olgan, g‘ayrat-shijoatli yosh xodimning xizmatga kirishib ketishi qiyin kechmadi. Shuningdek, murabbiy va hamkasblarining bergan yo‘lyo‘riqlari tez orada o‘z samarasini bera boshladi.
Lavhamiz qahramoni zamonaviy axborot texnologiyalarini yaxshi o‘zlashtirgan, ayniqsa, kiberxavfsizlik, raqamli dalillarni to‘plash va tahlil qilish sohalariga alohida e’tibor qaratadi. Bu borada bir nechta seminar va o‘quv kurslarida faol qatnashib, xalqaro hamda mahalliy sertifikatlarga ega bo‘lgan. Xususan, IIV Tezkorqidiruv departamenti Kiberxavfsizlik markazi hamda Turkiya Respublikasi Milliy politsiya bosh boshqarmasi kiberjinoyatlarga qarshi kurash bo‘limi tomonidan o‘tkazilgan «Onlayn noqonuniy bukmekerlik va qimor o‘yinlariga qarshi kurashish» o‘quv kursida faol ishtirok etib, sertifikatni qo‘lga kiritgan.

Axborot texnologiyalari sohasidagi bilimlari, jinoyatlarni tergov qilishga mas’uliyat bilan yondashishi tufayli rahbariyat va ustozlari ishonchiga sazovor bo‘lmoqda. Doniyor hali yosh, oldida yana ko‘plab vazifalar, yuksak marralar turibdi. U sidqidildan mehnat qilib, o‘z ustida muntazam ishlab, yuksak cho‘qqilarni zabt etishni maqsad qilgan. Buning uchun unda barcha zarur bilim, qobiliyat va ko‘nikma yetarli.

Sarvar SOBIROV, o‘z muxbirimiz. Toshkent shahri.

© Postda – На посту, №42 (4736), 2025-yil 16-oktabr

Barcha yangiliklar

Text to speech