«Xavfsiz muhit» qayerdan boshlanadi? Ko‘chaga chiqqanimizda o‘zimizni xotirjam his qildikmi, demak, bu xavfsiz muhit borligidan dalolat. Davlatimiz rahbarining tashabbusi bilan «Xavfsiz mahalla» konsepsiyasi joriy etilib, bu borada qator sa’y-harakatlar olib borilmoqda. Xususan, respublika mahallalarida xavfsiz muhitni yaratish va huquqbuzarliklarning barvaqt oldini olish tizimi samaradorligini yanada oshirish bo‘yicha kompleks chora-tadbirlar amalga oshirilmoqda.
– Poytaxtimizning Chilonzor tumanidagi «Navbahor» mahallasi kriminogen vaziyati og‘ir bo‘lgan hudud, – deydi mahallaga mas’ul etib biriktirilgan, IIV Jamoat xavfsizligi departamenti boshlig‘ining o‘rinbosari, polkovnik Sharof Uralov. – Uni «qizil» toifadan chiqarish borasida tuman hokimligi, IIOFMB hamda mahalla yettiligi bilan hamkorlikda yo‘l xaritasi ishlab chiqilib, bu bo‘yicha tegishli chora-tadbirlar amalga oshirilmoqda.
Mahalla 1992-yilda tashkil topgan bo‘lib, aholisi 4700 nafardan oshiq. Hududda 6 ta ko‘cha, 1263 ta xonadon, 2065 ta oila mavjud. Shuningdek, 1 ta xususiy maktab, 1 ta davlat maktabgacha ta’lim tashkiloti, O‘zbekiston Respublikasi Milliy gvardiyasi Harbiy musiqa akademik litseyi, 203 ta do‘kon, 13 ta xizmat ko‘rsatish obyekti, 1 ta bozor va 4 ta tijorat bank filiallari xizmat ko‘rsatmoqda. Mahalladagi 15 ta ko‘p qavatli uylar va uning atrofida deyarli jinoyat sodir etilmaydi. Uning «qizil» toifaga tushib qolishiga asosiy sabab «Chilonzor» metro bekatidan chiqish qismining bittasi shu yerda joylashgani. Bu yerdan kuniga bir necha ming odam kirib-chiqadi. Unga tutash, odam gavjum bo‘ladigan hududda joylashgan bozor, savdo do‘konlari, yirik supermarketlar, xizmat ko‘rsatish obyektlarida ham huquqbuzarlik va jinoyatchilik sodir etilishi ko‘p kuzatiladi.
Bundan tashqari, «Navbahor » mahallasi hududidan kesib o‘tgan Kichik xalqa yo‘li va Bunyodkor ko‘chalarida kuniga minglab transport vositalari va piyodalar harakatlanadi. Ushbu ko‘chalarda ham turli ko‘rinishdagi huquqbuzarliklar sodir bo‘lishi tabiiy hol. Buni raqamlarda keltiradigan bo‘lsak, joriy yilning 9 oyi davomida mahalla hududida sodir etilgan jinoyatlar soni 12 ta bo‘lib, shundan 11 tasini o‘g‘rilik tashkil etgan.
Prezidentimizning tegishli qarori ijrosiga kirishilib, ishlar yanada jadallashtirilganidan so‘ng ijobiy ko‘rsatkichlar ko‘zga tashalana boshladi. O‘tgan yilning mos davriga nisbatan jami jinoyatlar soni 36 taga kamayib, mahalla «qizil»dan «sariq» toifaga o‘tishiga erishildi. Xususan, zaruriy profilaktik chora-tadbirlarni amalga oshirish uchun sohaviy xizmatlardan xodimlar va jamoatchilik vakillari jalb qilindi. Hudud to‘liq nazorat ostiga olinib, yana qo‘shimcha patrullik yo‘nalishlari tashkil etildi. Xonadonlar, savdo do‘konlari, maishiy xizmat ko‘rsatish shoxobchalari, kafe, bar, restoran, korxona va tashkilotlar, mehmonxona, ta’lim muassasalari to‘liq xatlovdan o‘tkazildi. Ayni jarayonlarning o‘zidayoq bir nechta ma’muriy huquqbuzarlik holatlari aniqlanib, qonuniy choralar ko‘rildi. Profilaktik hisobda turganlar yashash manzili bo‘yicha tekshirilmoqda va ularga murabbiylar biriktirilmoqda. Muqaddam sudlanganlarga nisbatan ma’muriy nazorat o‘rnatilgan. Probatsiya hisobida turgan 2 nafar shaxs jazodan qasddan bo‘yin tovlaganligi uchun ozodlikdan mahrum etish joylariga qaytarilgan.
Xavfsiz muhitni yaratishda, eng asosiysi, ilg‘or axborot texnolo giya laridan keng foydalanish. Birinchi o‘rinda, fuqarolar gavjum joylar, kichik xalqa avtomobil yo‘liga video kuzatuv kameralari hamda SOS tugmalari o‘rnatildi va targ‘ibot-tashviqot ishlari orqali aholi xonadonlarini qo‘riqlovga olish davom ettirilmoqda. O‘g‘rilik jinoyatlari ko‘p sodir etilgan ko‘chalardagi 6 ta savdo va maishiy xizmat ko‘rsatish obyektlari qo‘riqlash pultiga ulandi. Ma’muriy hududda o‘g‘rilik va boshqa mulkiy jinoyatlarning oldini olish maqsadida PPX naryadlari dislokatsiyasiga o‘zgartish kiritilib, Bunyodkor ko‘chasidagi tuman hokimligi binosidan Chilonzor metro bekatigacha doimiy xizmat olib boruvchi 1 ta piyoda patrul yo‘nalishiga 2 nafar, Chilonzor metro bekatidan Qatortol ko‘chasigacha 1 ta piyoda patrul yo‘nalishiga ham qo‘shimcha 2 nafar PPX inspektorlari xizmatga jalb qilindi. Mahalla aholisining firibgarlik jinoyati qurboniga aylanishining oldini olish maqsadida ko‘cha, yo‘lak, savdo va boshqa xizmat ko‘rsatuvchi shoxobchalar va ko‘p qavatli uylarning kirish yo‘laklariga peshlavhalar o‘rnatildi. To‘rtta ko‘p qavatli uyning har biriga 8 tadan, jami 32 ta kirish yo‘laklariga tashvish tugmalari va qolgan barcha 15 ta ko‘p qavatli uylarning 99 ta kirish yo‘lagiga «Face» (yuzdan tanib oluvchi) kameralar o‘rnatildi.
– Men 32 yoshdaman, – deydi mahallada istiqomat qiluvchi Elyor Nasritdinov. – Ustachilik qilish qo‘limdan keladi. Lekin asbob-uskunalarim yo‘qligi uchun mahallaga murojaat qilgan edim, Xalq bankidan 10 000 000 so‘m imtiyozli kredit ajratilishida yordam berishdi. Mahallaga, mutasaddi rahbarlarga va Prezidentimizga bunday imkoniyatlar uchun minnatdorlik bildiraman.
Aholi o‘rtasida targ‘ibot ishlarini olib borish ham osoyishtalik ta’minlanishida muhim omil bo‘la oladi.
Yaqinda tuman hokimligi mutasaddilari hamda tuman IIOFMB rahbariyati ishtirokida mahallada yig‘ilish bo‘lib o‘tdi. Unda Prezidentimizning tegishli qarori ijrosi talablaridan kelib chiqib, probatsiya hisobidagi shaxslar, muqaddam sudlanganlarning muammolarini o‘rganish, ularning bandligini ta’minlash masalalari ko‘rib chiqilib, ular uchun sayyor qabul ham tashkil etildi. Qabulda 20 nafardan ziyod fuqarolarning turli murojaatlari tinglandi va aksariyati joyida ijobiy hal etildi.
Xulosa qilib aytadigan bo‘lsak, xavfsizlik – faqat hokimlik, ichki ishlar yoki boshqa huquqni muhofaza qiluvchi idoralarining vazifasi emas, balki har bir mahallaning, fuqaroning umumiy mas’uliyatidir. Agar har kim o‘z mahallasida ogoh bo‘lib, har bir shubhali holatga munosabatini bildirib, o‘z vaqtida tegishli idoralarga xabar bersa, oilasi va yaqinlari xavfsizligiga jiddiy e’tibor qaratsa, butun mamlakat osuda bo‘ladi, «yashil» toifadagi mahallalar soni ortib boraveradi.
Sarvar SOBIROV, o‘z muxbirimiz.
Abu KENJAYEV, fotomuxbir.
© Postda – На посту, №40 (4734), 2025-yil 1-oktabr