Tumanda xavfsiz muhitni ta’minlash va migratsiya oqimlarini nazorat qilish maqsadida tizimli xatlov tadbirlari amalga oshirilmoqda. Mazkur yo‘nalishda amalga oshirilayotgan tadbirlar nafaqat osoyishtalikni ta’minlash, balki fuqarolarning yashash sharoitlarini yaqindan o‘rganishga ham xizmat qilmoqda.
– Bugungi kun talabi – qonun ustuvorligini ta’minlash va hududda kim yashayotganini aniq bilishdan iborat, – deydi tuman IIOFMB Migratsiya va personallashtirish bo‘limi boshlig‘i, podpolkovnik Bobur Beknazarov. – Shu maqsadda olib borilgan xatlov tadbirlari natijasida joriy yilning 16-fevral kuniga qadar tuman hududidagi 23 ta mahalla to‘liq qamrab olindi. Xodimlarimiz 700 dan ortiq ko‘p qavatli uylar va mingdan ziyod noturar obyektlarda bo‘lib, 40 mingga yaqin xonadonda o‘rganish ishlarini olib borishdi.
Bu jarayonlar shunchaki raqamlardan iborat bo‘lib qolmasdan, balki 96 mingdan ziyod hamshaharlarimizning yashash sharoiti va ijtimoiy holati bilan tanishish imkonini berdi. Shundan 22 mingga yaqini voyaga yetmaganlar bo‘lib, o‘rganishlar davomida ularning yashash sharoiti ko‘zdan kechirilib, ta’lim-tarbiyasi hamda ma’naviy kamoloti davlatimizning doimiy e’tiborida ekanligiga alohida e’tibor qaratildi.
Eng muhimi, biz faoliyatimizni ma’muriy chora emas, huquqiy ko‘mak tamoyili asosida tashkil etganmiz. Jarayonda 16 mingdan ortiq boshqa hududlardan kelgan fuqarolar aniqlangan bo‘lsa, ularga ortiqcha ovoragarchiliksiz xizmat ko‘rsatishga harakat qilindi. Xususan, fuqarolarga maksimal darajada qulaylik yaratish maqsadida zamonaviy texnik vositalardan foydalanildi. Xodimlarimizning qo‘l planshetlari orqali 6847 nafar shaxs vaqtincha istiqomat qilayotgan manzillarining o‘zida, mahalladan chiqmagan holda ro‘yxatdan o‘tkazildi. Shuningdek, 2933 nafar fuqaroning noturar obyektlardagi hisobi tartibga solindi. Bu raqamli tizimning afzalligi shundaki, ortiqcha qog‘ozbozlikka chek qo‘yilib, fuqaro va ichki ishlar organlari o‘rtasidagi ishonch ko‘prigi mustahkamlanmoqda.