Davlat rahbarining topshirig‘iga muvofiq, Chilonzor tumanida jamoat xavfsizligini ta’minlash, huquqbuzarliklarning barvaqt oldini olish, aholi uchun xavfsiz muhit yaratish borasida «poytaxt namunasi»ni shakllantirish bo‘yicha kompleks chora-tadbirlar izchil davom ettirilmoqda.
Tumandagi 280-sonli maktabda hokim Saidqahhor Xolxo‘jayev hamda tuman IIOFMB boshlig‘i, polkovnik Farruh Giyasov, mahalla raislari, profilaktika inspektori ishtirokida tumanning Al-Xorazmiy nomli, «Bekto‘pi», «Beshqo‘rg‘on», «Bahoriston», «Guliston», «Katta Xirmontepa», «Tirsakobod », «Xirmontepa», «Xonto‘pi», «Xayrobod», «Sharaf», «Sharq», «Sharq tongi» hamda «Shuhrat» mahallalarida Prezidentimizning 1-sonli qarori ijrosi doirasida jinoyatchilikning oldini olish bo‘yicha joriy yil yanvar oyida amalga oshirilgan ishlar tahliliga bag‘ishlangan yig‘ilish bo‘lib o‘tdi.
Yig‘ilish davomida ushbu yo‘nalishda olib borilayotgan ishlar atroflicha ko‘rib chiqilib, sodir etilishi mumkin bo‘lgan jinoyatlarning barvaqt oldini olishga qaratilgan aniq choratadbirlar belgilab olindi. Tadbirda tuman hokimi tomonidan hududdagi barcha mehmonxona va avtoturargohlarga, mahallalarning kirish-chiqishi hamda ichki ko‘chalarga zamonaviy kuzatuv kameralari, jumladan, Face-ID tizimlarini o‘rnatish, shuningdek, aholi o‘rtasida avtoulov va texnik vositalarni nazoratsiz qoldirmaslik bo‘yicha targ‘ibot ishlarini yanada kuchaytirish yuzasidan mas’ullarga tegishli topshiriq va ko‘rsatmalar berildi.
Tuman IIOFMB boshlig‘i, polkovnik Farruh Giyasov hudud profilaktika inspektorlari fuqarolar xavfsizligini ta’minlash, jinoyatchilikning oldini olishda, avvalo, shaxsiy mas’uliyatni oshirish, huquqbuzarliklarni sodir etishga moyil yoshlar bilan ishlarni jadallashtirish kerakligini ta’kidladi. Ma’lumot o‘rnida aytish kerakki, «poytaxt namunasi»ni shakllantirish doirasida tuman mahallalarida sodir etilishi mumkin bo‘lgan jinoyatlarning oldini olish yuzasidan 321 ta muhokama, yoshlar ishtirokida 553 ta hamda jinoyat sodir etgan xotinqizlar bilan 26 ta profilaktik tadbir o‘tkazildi.
– Hududimizda 34 ta ko‘pqavatli uylar mavjud bo‘lib, 5590 nafar aholi istiqomat qiladi, – deydi «Guliston» mahallasi profilaktika katta inspektori, mayor Mirvohid Chorshanbiyev. – Mahallamizni «sariq» toifadan «yashil»ga olib chiqish uchun bor kuch va imkoniyatlarimizni ishga solmoqdamiz. Xususan, mahalla yettiligi va boshqa hamkor tashkilotlar bilan profilaktik ishlarni kuchaytirganmiz. Tadbirda mahalla raislari hududda jinoyatchilikni jilovlash, profilaktik ishlar samaradorligiga erishish yuzasidan o‘z taklif va mulohazalarini bildirdi.
Sarvar SOBIROV, o‘z muxbirimiz
© «Postda – На посту», №8 (4754), 2026-yil 19-fevral