24 Iyul 2025 Yil 0

QULFLANIB QOLGAN KICHKINTOY — eson-omon ota-onasiga topshirildi

Quyosh butun shiddati bilan zaminni qizdirayotgan palla. Bunday issiqda ko‘pchilik uyida konditsioner tagida, ko‘chaga chiqqanlar esa o‘zini soyaga olishga urinadi. Olmazor tumani «Orzu» mahallasi profilaktika inspektori, katta leytenant Alijon Jumayev esa mahalla ahli dard-u tashvishi bilan kunning tig‘ida xizmatni davom ettirardi.

Shu payt bir kishi yugurgancha kelib, qo‘shnisining bolasi uyida qulflanib qolganini, unga yordam kerakligini aytadi. Xodim tezda Beruniy ko‘chasidagi 2-uy 32-xonadonga yetib boradi. Ko‘rsaki, xonadon egasi Mavluda Norbekova qulflangan eshik oldida yig‘lab o‘tirar, ichkaridan esa bolaning chinqiribyig‘layotgan ovozi eshitilardi. Katta leytenant tezda Toshkent shahar Favqulodda vaziyatlar boshqarmasiga qo‘ng‘iroq qildi. Lekin hech bir inson bolaning yig‘lashiga va onaizorning «bolamlab» dod solishiga chidab tura olmaydi. Alijon o‘ylab o‘tirmasdan, abjirlik bilan 2-uyning 1-yo‘lagi 5-qavatiga chiqib, qo‘shnining derazasi orqali o‘tib, ichkarida qulflanib qolgan – Zubayrni olib, ichkaridan eshikni ochdi. Onaizor farzandini bag‘riga bosdi. – O‘g‘lim endigina bir yoshdan oshdi, – deydi Mavludaxon. – Men uni yolg‘iz qoldirib, do‘kondan ul-bul xarid qilish uchun pastga tushdim. Birozdan keyin qaytib chiqsam, eshik qulf. Harchand urinmay, ocha olmadim. Ichkarida bolajonim yig‘lardi. Jon holatda yordam so‘rab baqira boshladim. Ovozimni eshitgan qo‘shnimiz profilaktika inspektorimizni yordamga chaqiribdi. U mening holatimni, bolamning yig‘layotganini ko‘rib, tezda qo‘shnining derazasi orqali uyimizga kirib, o‘g‘limni olib chiqdi. Bu holatda barcha ayb o‘zimda. Farzandimni yolg‘iz qoldirib ketmasligim kerak edi. Shu o‘rinda aytishim kerakki, oldinlari ichki ishlar organlari xodimlarini bunchalik darajada o‘z jonini garovga qo‘yib, odamlarga yordam beradi, deb o‘ylamas edim. Endi bildimki, mana shunday qo‘rqmas, jasur va mard osoyishtalik posbonlarimiz bizning haqiqiy himoyachilarimiz ekan. Ular bor ekan, yurtimiz tinch, osmonimiz musaffo. – Mahallada 15 ta ko‘p qavatli uy mavjud bo‘lib, ularda qariyb 5 ming nafar aholi istiqomat qiladi, – deydi «Orzu» MFY raisi Elmira Umarova. –Hududimizda 1 ta umumiy o‘rta ta’lim maktabi va 1 ta maktabgacha ta’lim tashkiloti mavjud. Shuningdek, mamlakatimizdagi eng yirik xususiy ko‘p tarmoqli tibbiy markaz – «Akfa Medline» klinikasi ham shu hududda joylashgan. Profilaktika inspektori, katta leytenant Alijon Jumayev yosh bo‘lishiga qaramay, mulohazali, izlanuvchan, eng qiyin vaziyatlarda ham tezkor qaror qabul qila oladigan xodim. Uning uyda yolg‘iz qulflanib qolgan bolakayni qutqarib qolgani haqiqiy qahramonlik namunasi bo‘ldi.
Shu o‘rinda aytib o‘tmoqchimizki, aziz onajonlar, farzandlaringizni hech qachon yolg‘iz qoldirmang. Yo‘qsa, yuqoridagi kabi vaziyatga tushib qolishingiz mumkin. Bu voqea ayanchli tugashi ham mumkin edi. Yaxshiyamki, profilaktika inspektorining o‘z vaqtida ko‘rsatgan yordami tufayli bolajon eson-omon ota-onasiga topshirildi.

Barcha yangiliklar

Text to speech