Ko‘p qavatli uyda yashaydigan yosh bolali oilalar derazalarga temir panjara o‘rnatishsa, bola himoyalangan, ota-ona esa bexavotir bo‘ladi. Afsuski, yaqinda Yakkasaroy tumanida sodir bo‘lgan baxtsiz hodisaga aynan deraza panjaralari yo‘qligi sabab bo‘ldi... Shota Rustaveli ko‘chasida joylashgan 144-uyning 2-qavatidan 5 yoshli bola toyib ketadi. Baxtli tasodif tufayli u 1-qavatda joylashgan savdo do‘konining tom qismiga tushadi. Bolakayning onasi dod solgancha yig‘lab, uyning qarama-qarshisida joylashgan tuman prokuraturasi postida xizmat olib borayotgan Qo‘riqlash bo‘limi xodimlaridan yordam so‘raydi. Safdor xodimlar Azimbek Ergashaliyev, Azizjon Mamadiyorov, Abdug‘ani Fatxullayev voqea joyiga zudlik bilan yetib borishadi.
– Tepada bola, pastda ona yig‘lardi. Buni ko‘rib, ochig‘i, yuragim ezilib ketdi. Fikr-u xayolim bolani tezroq onasining qo‘liga topshirish bo‘ldi, – deydi safdor Azizjon Mamadiyorov. – Darhol tomga chiqish yo‘lini izladim, sheriklarim pastdan turib harakat qiladigan bo‘lishdi. Bolajonni bag‘rimga bosib hamkasblarimga uzatar ekanman, ko‘nglimda kechgan hislar meni junbishga keltirdi. Bolaga shu yerning o‘zida tibbiyot xodimlari tomonidan birinchi yordam ko‘rsatildi va Respublika shoshilinch tibbiy yordam ilmiy markaziga olib ketildi. Hozirda uning ahvoli yaxshi, jiddiy jarohatlari yo‘q. Yuqoridagi vaziyatda voqea ayanchli tugashi mumkin edi. Xayriyat, bola omon qoldi. Qo‘riqlash xizmati xodimlarining jasorati va jonbozligi esa alohida tahsinga loyiq.