26 Noyabr 2025 Yil 0

Salbiy illatlardan asrash yo‘lida

Poytaxtimizning Mirobod tumani IIOFMB HPB voyaga yetmaganlar masalalari bo‘yicha inspektor-psixologi, katta leytenant Akmal Uzoqov tomonidan ta’lim muassasalari, mahalla faollari va sohaviy xizmat vakillari bilan hamkorlikda turli yo‘nalishlarda targ‘ibot va ma’rifiy ishlar amalga oshirilmoqda.

Xususan, ota-ona nazoratisiz qolgan hamda muntazam dars qoldiruvchi o‘quvchilar bilan manzilli ishlar olib borilayotgani fikrmiz tasdig‘idir. Jumladan, tumanning «Salar» mahallasi faollari va hududdagi 110-o‘rta ta’lim maktabi ma’muriyati bilan hamkorlikda darslarga kelmaydigan o‘quvchilar bo‘yicha muhokama tashkil etildi. Unda 11-sinf o‘quvchisi A.Q. darslarga muntazam qatnashmagani sababli uning yashash manziliga borilib, oilaviy muhiti o‘rganildi. Bolaning ta’lim jarayoniga qaytishi va yaxshi xulq-atvorda bo‘lishi yuzasidan suhbatlashilib, tavsiyalar berildi.

Katta leytenant A. Uzoqov hamkasblari bilan hamkorlikda tungi reydlarda ham faol ishtirok etmoqda. Shu kabi tadbirlardan birida Sharof Rashidov nomidagi mahalla hududida bemaqsad yurgan, Qashqadaryo viloyatida tug‘ilgan voyaga yetmagan Sh.L. aniqlandi. U bilan profilaktik suhbat o‘tkazilib, Toshkent shahar IIBB HPB huzuridagi Voyaga yetmaganlarga ijtimoiy-huquqiy yordam ko‘rsatish markaziga joylashtirildi.

O‘quvchi-yoshlar bilan ishlashni samarali tashkil etishda madaniyat, san’at, sport, axborot-texnologiyalari, kitob o‘qishga qiziqishni oshirish, o‘quvchi-qizlarni ijtimoiy faol hayotga jalb etish bo‘yicha 5 ta muhim tashabbus yuzasidan ham tadbirlar tashkil etilmoqda. Shu maqsadda tashkil etilgan tadbirda voyaga yetmagan nogironligi bo‘lgan bolalar uchun interaktiv o‘yinlar, konsert dasturlari va qiziqarli chiqishlar namoyish etildi. Faol qatnashgan ishtirokchilar esdalik sovg‘alar bilan taqdirlandi.

Amalga oshirilayotgan bunday chora-tadbirlar farzandlarimizning ma’naviy kamoloti, huquqiy ongi va ma’rifatli bo‘lishida muhim ahamiyat kasb etmoqda. Lavhamiz qahramoni hamda hamkor tashkilotlar bilan hamjihatlikda olib borilayotgan sa’y-harakatlar zamirida voyaga yetmaganlar o‘rtasida huquqbuzarliklar ning barvaqt oldini olish hamda ularni turli salbiy illatlardan asrash kabi oliy maqsadlar mujassam.

Sarvar SOBIROV, o‘z muxbirimiz
Fotosuratlar: Abu KENJAYEV va Ikrom HASANOV

© Postda – На посту, №47 (4741), 2025-yil 20-noyabr

Barcha yangiliklar

Text to speech