8 Oktyabr 2025 Yil 0

Saxovat va muruvvat — qalblarga cheksiz quvvat

Mahallamiz hududida 52 ta ko‘p qavatli uy joylashgan. 8 303 nafar aholi turli millat vakillari hisoblanib, har birining ko‘ngliga o‘ziga xos yondashuv asosida yo‘l topishga harakat qilamiz. Fuqarolarimiz jamiyat ravnaqi yo‘lida barcha yo‘nalishlarda mehnat qilib kelmoqda.

Mahallamizga tashrif buyursangiz, xalqimizga xos bo‘lgan saxovatpeshalik va insonparvarlik fazilatlariga yaqqol guvoh bo‘lasiz. Ayniqsa, tadbirkorlarimizning nochor oila vakillariga ko‘rsatayotgan muruvvati ko‘ngillarimizni tog‘dek ko‘taradi. Bu xayrli amallar yil bo‘yi davom etadi.

Bu yil uchta boquvchisini yo‘qotgan va nogiron farzand tarbiyalayotgan oilaga homiylar ko‘magida 10 million so‘mdan moddiy yordam ko‘rsatildi. Shu bahona ularning yashash sharoiti ancha yaxshilandi. Ro‘zg‘oridagi kamchiliklari bartaraf bo‘lib, farzandlariga noz-neʼmatlar taqdim etildi.

Ayollarning tinch-xotirjam turmush kechirishi uchun imkon qadar harakatdamiz. Joriy yilda “Ayollar daftari”ga 284 nafar xotin-qiz kiritilgan bo‘lib, shundan 7 nafari ishsiz edi. Alohida yondashuv asosida ularni tikuvchilik, kosmetologiya hamda uqalash kurslarida o‘qitib, bandligini taʼminlashga erishdik. 211 nafar ayolga esa davlat tomonidan bir martalik moddiy yordam ko‘rsatildi.

Nafisa G‘oipova — tashabbuskor ayollarimizdan biri. U mahalla bergan 100 million so‘m kredit evaziga o‘quv markazi tashkil etib, yoshlarga taʼlim berib kelyapti. Maktabga tayyorlov va til kurslarida tahsil olayotgan bolalar bugun katta natijalarni qo‘lga kiritishga erishyapti. Bundan tashqari, 4 kishining doimiy bandligini taʼminlagan.

Mahallamizda ijtimoiy himoya tizimiga ham alohida eʼtibor qaratib kelinmoqda. 163 nafar nogironligi bo‘lgan fuqaroga kerakli barcha yordamlar manzilli va o‘z vaqtida ko‘rsatilishi natijasida ularning jamiyat hayotidagi ishtiroki sezilarli darajada ortgan. Shu kunlarda hududimizda yangi mahalla idorasi qurilishi jadallik bilan olib borilyapti.

Tez fursatlarda yangi binoda yangida yondashuv asosida o‘z faoliyatimizni davom ettiramiz. Shuningdek, muntazam ravishda ishlab turadigan gastronomik ko‘cha barpo etilishi ham qizg‘in pallada. Bu ko‘plab tadbirkorlar uchun qulay imkoniyat yaratib beryapti. Qolaversa, aholining mazmunli hordiq chiqarishiga ham xizmat qilishi bilan ahamiyatli.

Gulnora OTAXONOVA, Yunusobod tumanidagi “Astrobod” mahallasi raisi.

© Gazeta “Mahalla”,№79-80 (2304), 2025 yil 4 oktyabr

Barcha yangiliklar

Text to speech