Elmira (ism-shariflar o‘zgartirildi) yaxshi niyat bilan to‘plagan sarmoyasiga mashina sotib olish maqsadida jiyani Mahbubaga qo‘ng‘iroq qildi. U Xitoy Xalq Respublikasining Axborot texnologiyalari universitetida tahsil olgan. Hozir ham kiyim-kechak savdosi bilan Xitoyga borib-kelib turganligi uchun narx-navoni bilish maqsadida undan maslahat oldi.
Mahbuba ammasiga Xitoydan arzonga mashina sotib olgani bilan bojxona to‘lovlari sabab qimmatga tushishini aytdi. O‘sha pullarga tanishi orqali Xitoyda doktoranturaga (PhD) o‘qishni gaplashib berish taklifini bildirdi.
Mahbubaning ukasi Mirjalol ham Xitoyda o‘qiyotganligi sababli, Elmira akasi va kelinoyisidan farzandiga har oy qancha pul jo‘natayotganligi va boshqa xarajatlar haqida kerakli ma’lumotlarni oldi. Xitoyga borib o‘qish ancha arzonligiga ishonch hosil qilgach, Elmira Mahbubaning taklifiga rozi bo‘ldi.
Dastlab Mahbuba hujjatlarni rasmiylashtirish uchun ammasidan 2300 AQSH dollari oldi. Biroz vaqt o‘tgach, «Siz oliy ma’lumotli bo‘lganingiz uchun o‘qishingiz hal bo‘ldi. Faqat yotoqxona uchun yana 2200 AQSH dollari to‘lashingiz kerak!» dedi. Ushbu summa to‘lanishi bilan barcha hujjatlar Xitoydan kelishini ham ta’kidladi. Elmira yotoqxona narxi juda qimmatligini bildirgandi, jiyani bu to‘lov uch yil muddatga o‘tishini aytdi.
2024-yil noyabr oyining boshida ammasidan yana «biznes viza» uchun 400 AQSH dollari oldi. Kun sayin hafsalasi pir bo‘lib borayotgan Elmira jiyaniga bergan 4900 AQSH dollarini qaytarishni talab qildi. Mahbuba esa «O‘qishingiz hal bo‘lib turganida, o‘qib kelarvermaysizmi?» deb, uni 2025-yil 19-yanvar kuni soxta hujjatlar bilan XXR Xanjou viloyatiga jo‘natdi.
Elmira viza markaziga murojaat qilganida, u Guanchjou shahridagi oliy gohga kirganligini, o‘sha yerga murojaat qilishini aytishdi. Shu kuni o‘z yonida 1200 yuan sarflab samolyotga chipta oldi. Soat tungi 22:00 da shaharga yetib keldi. Erta saharlab o‘qish joylashgan manzilni so‘rash maqsadida jiyaniga qo‘ng‘iroq qilsa, telefonni ko‘tarmadi. Oxiri otasiga Telegram orqali aloqaga chiqib vaziyatni tushuntirdi. So‘ngra Guanchjoudagi tibbiyot oliygohiga borib, uning hujjatlari topshirilmaganligini bildi.
Mahbuba esa o‘zini oqlab, tibbiyot oliygohi ning yotoqxonasida joy qolmaganligi sababli, birinchi kursni o‘sha yerdagi Politexnika ayollar kasb-hunar kollejida o‘qishini, tibbiyot oliygohi bilan kollej o‘rtasida shartnoma borligini aytib, uni ishontirmoqchi bo‘ldi. Lekin keyingi hiylasi o‘tmadi.
«O‘zingniki o‘zagingni kesadi» degan naql bejiz aytilmagan. Har bir ishning xotimasi bo‘lganidek, Elmira ham na o‘qishga kirdi, na mashinalik bo‘ldi. Ikki o‘rtada qarindoshlik rishtasiga putur yetdi. Noiloj qolgan Elmira holat bo‘yicha ichki ishlar organlariga murojaat qildi.
Bu kabi kimsalarning qilmishi jamiyatda o‘zaro ishonch yo‘qolishiga sabab bo‘lmoqda. Aynan shu ishonchdan foydalanib, shaxsiy manfaatni ko‘zlab, boshqalarning mehnati va mablag‘ini o‘marish, jinoiy javobgarlikka olib keladi. Mahbuba ham qonun oldida javob berdi. Unga nisbatan tegishli jazo ta yinlandi.
Behruz TOJIYEV, katta leytenant.
Go‘zal JAFAROVA, o‘z muxbirimiz
© «Postda – На посту», №7 (4753), 2026-yil 12-fevral