Ichki ishlar vaziri general-leytenant Aziz Tashpulatov tomonidan sohaviy xizmat mas’ullari, poytaxt IIBB rahbariyati hamda Chilonzor tumani mutasaddilari ishtirokida xavfsiz muhitni shakllantirish va jamoat xavfsizligini ishonchli ta’minlash masalalari yuzasidan tanqidiy yig‘ilish o‘tkazildi.
Yig‘ilishda poytaxt hududida jamoat xavfsizligini ta’minlash, huquqbuzarlik va jinoyatchilikning oldini olish, aholi tinchligi va osoyishtaligini mustahkamlash borasida amalga oshirilayotgan ishlar tahlil qilindi. Shuningdek, O‘zbekiston Respublikasi Prezidenti tomonidan Toshkent shahrida o‘tkazilgan tanqidiy selektor yig‘ilishida belgilab berilgan ustuvor vazifalarning ijrosi ham atroflicha muhokama etildi.
Xususan, Chilonzor tumanidagi mahallalarda jinoyatchilikning oldini olish, ularni jinoyatdan holi hududga aylantirish, profilaktika ishlarini kuchaytirish va aholi bilan muloqotni yanada faollashtirish masalalariga alohida e’tibor qaratildi.
Yig‘ilishda yo‘l harakati xavfsizligini ta’minlash, transport vositalari harakatini tartibga solish, piyodalar uchun qulay va xavfsiz sharoit yaratish masalalari ham muhokama qilindi. Shu bilan birga, bozorlar va savdo majmualari atrofida tartib-intizomni ta’minlash, noqonuniy savdo holatlarining oldini olish, aholiga yanada qulay sharoitlar yaratish yuzasidan aniq topshiriqlar berildi.
Tadbir davomida uyushgan jinoyatchilik, narkojinoyatlar hamda kiberjinoyatchilikka qarshi kurashish masalalariga ham alohida to‘xtalib o‘tildi. Bu kabi jinoyat turlarining oldini olishda zamonaviy axborot texnologiyalaridan keng foydalanish, tezkor-qidiruv tadbirlarini kuchaytirish va profilaktik chora-tadbirlarni izchil amalga oshirish muhim ekani qayd etildi.
Shuningdek, poytaxtda jamoat xavfsizligini ta’minlash bo‘yicha shakllantirilgan ilg‘or tajriba – «poytaxt namunasi»ni Chilonzor tumanida to‘liq joriy etish, bu orqali hududda xavfsiz muhitni yanada mustahkamlash va aholining huquqni muhofaza qiluvchi organlarga bo‘lgan ishonchini oshirish zarurligi ta’kidlandi.
O‘rganishlar davomida Chilonzor buyum bozorida «Raqamli va xavfsiz bozor» tamoyili asosida amalga oshirilayotgan chora-tadbirlar bilan tanishildi. Xususan, bozorga xizmat ko‘rsatuvchi ichki ishlar bo‘limi binosi kapital ta’mirlanib, yaqin kunlarda boshqaruv markazi tashkil etiladi. Bu orqali bozordagi tezkor vaziyat doimiy nazorat qilinadi.
Shuningdek, bozorda «elektron billing tizimi» va sun’iy intellekt kameralari joriy etilmoqda. Ushbu tizim savdo rastalari va narxlarni monitoring qilish, soliqdan bo‘yin tovlash va noqonuniy yig‘imlarning oldini olishga xizmat qiladi.
Toshkent shahri Chilonzor tumaniga tutash hudud hisoblangan Toshkent viloyati Zangiota tumani IIB faoliyati o‘rganildi. O‘rganishlar davomida hududda jamoat xavfsizligini ta’minlash, huquqbuzarlik va jinoyatchilikning oldini olish borasida amalga oshirilayotgan ishlar tanqidiy tahlil qilindi.
Xususan, «Xavfsiz va sog‘lom yurt» tezkor-profilaktik tadbirlari doirasida olib borilayotgan chora-tadbirlar, profilaktika ishlarining samaradorligi hamda ichki ishlar organlari xodimlarining xizmat faoliyati ko‘rib chiqildi.
Shuningdek, shaxsiy tarkib bilan xizmat oldi yo‘riqnomasi o‘tkazilib, jamoat xavfsizligini ta’minlash, aholi osoyishtaligini saqlash va xizmat vazifalarini vijdonan bajarish yuzasidan tegishli ko‘rsatmalar berildi.
Bundan tashqari, jinoyatchilikka qarshi kurashish va profilaktika ishlarini kuchaytirish maqsadida og‘ir toifaga kiruvchi «Zarqo‘rg‘on» mahallasi o‘rganildi. Tahlil jarayonida mahalladagi jinoyat o‘choqlari atroflicha ko‘rib chiqilib, mavjud muammolar va ularni bartaraf etish bo‘yicha zarur chora-tadbirlar belgilab olindi.
O‘rganishlar davomida profilaktika inspektorlari, qo‘riqlash bo‘linmalari hamda post-patrul xizmati rahbarlariga mahallada jinoyatchilikning oldini olish, jamoat xavfsizligini ta’minlash va profilaktika tadbirlarini yanada kuchaytirish yuzasidan tegishli topshiriqlar berildi. Profilaktika ishlarining samaradorligini oshirish, aholi bilan muloqotni kuchaytirish hamda hududda xavfsiz muhitni ta’minlash masalalariga alohida e’tibor qaratildi.
Chilonzor tumanida mas’ul rahbarlarga belgilangan vazifalar ijrosini samarali tashkil etish, har bir mahallada tinchlik va xavfsizlikni ta’minlash bo‘yicha aniq chora-tadbirlar ko‘rish yuzasidan tegishli ko‘rsatmalar berildi. Ta’kidlanganidek, aholi osoyishtaligi va jamoat xavfsizligini ta’minlash borasidagi ishlar izchil davom ettiriladi.
© «Postda – На посту – At the post», №11 (4757), 2026-yil 12-mart