17 Avgust 2025 Yil 0

Oqibati afsus «ish»

Giyohvandlik – boshi berk ko‘cha. Bu muammo dunyo ahlini tashvishga solayotgani rost. Giyohfurushlar oson yo‘l bilan pul topish maqsadida zahri qotil savdosi bilan shug‘ullanayotgani achinarli hol.

«Xavfsiz va sog‘lom yurt» profilaktik tadbiri davomida, poytaxtimizning Uchtepa tumani «Bekobod » MFYda yashovchi Alisher Nosirov (ismlar o‘zgartirildi) ning xonadonida tintuv o‘tkazildi. Natijada uning yotoqxonasidagi divan tagidan bir dona soz holatdagi elektron tarozi, javon tortmasi dan yelim idishda noma’lum suyuqlik topildi. Xonadon hovlisidagi axlat idishdan esa selofan paketga alohida-alohida o‘ralgan holatdagi qora rangli, o‘tkir hidli saqichsimon hamda oq rangli tuzsimon modda, 72 dona oq-ko‘k rangli kapsula ko‘rinishidagi dori vositalari, shuningdek, yelim idish ichiga solingan o‘tkir hidli to‘q jigarrang saqichsimon modda topildi. Ushbu holat bo‘yicha xolislar ishtirokida ashyoviy dalillar tegishli tartibda rasmiy lashtirildi.

– Fuqaro Alisher Nosirov tuman IIOFMBga olib kelinganidan so‘ng, o‘ziga nisbatan yengillik yaratib berish va javobgarlikka tortmaslik evaziga 1000 AQSH dollari miqdorida pullarni pora tariqasida taklif qildi, – deydi Uchtepa tumani IIOFMB Tezkor qidiruv xizmati Jinoyat qidiruv bo‘limi tezkor vakili, leytenant Nuriddin Djurayev. – Unga bu harakati noqonuniyligini, pora berish-olish jinoyat ekanligini bir necha bor tushuntirdim. Ammo fikridan qaytmadi.

Giyohvandlik vositalarining noqonuniy muomalasi bilan bog‘liq jinoiy qilmishining oqibatlarini bila turib, ikkinchi bora qonun buzishdan qaytmagan A. Nosirov va’da qilgan pullarni pora sifatida berayotgan vaqtida qo‘lga olindi.
Leytenant Nuriddin Djurayev yosh, o‘ziga nisbatan nihoyatda talabchan xodimlardan. Ustozi ayni paytda Toshkent shahar IIBB TQX JQB katta tezkor vakili, mayor Ravshan Bobojonovning yo‘l-yo‘riq va tavsiyalari asosida sohaning o‘ziga xos jihatlarini puxta o‘zlashtirib kelmoqda.
– Kasbim huquqshunos, – deydi Nurillo Umarov. – Farzandlarimni qiziqqan yo‘nalishda ta’lim olib, jamiyatda o‘z o‘rnini topishi uchun doim ularni qo‘llab-quvvatladim,– Bugun katta o‘g‘lim iqtisodchi, qizim pedagog, ikkinchi o‘g‘lim Nuriddin esa ichki ishlar organlari tizimida xizmat qilyapti. Uni qaysi dir ma’noda o‘zimga izdosh, deb bilaman. O‘g‘lim hali yosh, unga zimmasiga yuklatilgan vazifalarni to‘kis ado etib, halol va sidqidildan xizmat qilishi ke rakligini ko‘p ta’kidlayman. Zero, halollik nafaqat insoniy fazilatlar bezagi, balki kasb-korda ham izzat-hurmat, ham baraka keltiradi. Qonun barchaga barobar. Oramizda leytenant Nuriddin Djurayev singari qat’iyatli, vijdonli insonlar bor ekan, jamiyatda belgilangan qonunlarni aylanib o‘tmoqchi bo‘lganlar oxir-oqibatda afsus chekib qolaveradi.

Gulnoza TURG‘UNBOYEVA, o‘z muxbirimiz.

© Postda – На посту, №33 (4727), 2025-yil 14-avgust

Barcha yangiliklar

Text to speech