2 Avgust 2025 Yil 0

Munosiblik ham saodat

Kechki payt shundoq yo‘l chekkasida to‘xtab turgan 20–25 yoshlardagi ikki yigitning xatti-harakatlari shu hududda xizmat olib borayotgan Yakkasaroy tumani IIOFMB JTSB PPX inspektorlari, kichik serjant O‘tkir Ko‘chmasov hamda safdor Sunnatilla Ochilovda shubha uyg‘otdi. Xolislar ishtirokida tekshirilganida, har ikkisining cho‘ntagidan kukun ko‘rinishidagi o‘tkir hidli modda topildi.

– Ushbu holatni tegishli tartibda rasmiylashtirib, ashyoviy dalillarni Jinoyat qidiruv bo‘limiga topshirdik, – deydi kichik serjant O‘tkir Ko‘chmasov. – So‘nggi xulosa asosida ushbu fuqarolarning giyohvandlik vositalari oldi-sotdisi bilan shug‘ullanishi ma’lum bo‘ldi. Xizmatimiz asosan keng jamoatchilik orasida kechadi.
Aslida bu kabi kutilmagan holatlarga duch kelishga odatlanganmiz. Bunday vaziyatlarda sergaklikni yo‘qotmagan holda odamlar xavfsizligini ta’minlash, qonun buzilish holatini aniqlashda xato qilmaslikka harakat qilamiz.
– Xalqimizda «Kasalni berkitsang, isitmasi oshkor qiladi» maqoli bejiz aytilmagan, – deya suhbatimizga qo‘shildi safdor Sunnatilla Ochilov. – Qonunbuzarlar xatti-harakati bilan o‘zini o‘zi sezdirib qo‘yadi. Yuqoridagi holatda ham yigitlarning ko‘zlari bejo edi. Xuddi nimanidir yo‘qotib qo‘ygandek, yana bizdan uzoqlashmoqchi bo‘lishdi. Shundan so‘ng ularga nisbatan uyg‘ongan shubhalarimiz yanada oshdi.
Giyohfurushlikni kasb qilgan «uddaburonlar » bilishmadiki, qarshisida tizimda yigirma uch yil xizmat qilgan O‘tkir Ko‘chmasovdek ustoz, uning yonida esa o‘n ikki yildan buyon munosib shogird sifatida faoliyat yuritayotgan safdor Sunnatilla Ochilovdek kasbini puxta o‘zlashtirgan fidoyi xodimlar turardi.

– Otam iste’fodagi mayor Rahmatilla Ochilov, amakim iste’fodagi kichik serjant Ismatilla Ochilovlarga havas ortidan ichki ishlar organlarida xizmat qilish ishtiyoqi uyg‘ongan, – deydi Sunnatilla. – Niyatim xolis ekan – xizmatga kirdim. Ustoz borasida ham omadim chopdi – O‘tkir Ko‘chmasovdek nihoyatda bag‘rikeng inson ko‘magida hozirgacha kasbiy tajribamni oshirib kelyapman. Ular bilan yonma-yon ishlash yuragimda doim ishonchni oqlash tuyg‘usini kuchaytiradi.

– Uquvli, zamonaviy bilimlarni o‘zlashtirgan, ziyrak yoshlarning shijoatidan ko‘zimiz quvnaydi, – deydi O‘tkir Ko‘chmasov. – Yaqinda «tashvish tugmasi » orqali navbatchilik qismiga yong‘in bo‘yicha xabar kelib tushdi. Biz tezda voqea joyiga yetib bordik. Olov o‘z nomi bilan tilsiz yov, uni jilovlashda birdamlik kerak. Men fuqarolarning xavfsizligini ta’minladim. Sunnatilla esa avtoulovlar harakati xavfsizligini ta’minlash borasida ehtiyot choralarini amalga oshirdi. Boshqa sohaviy xizmat xodimlari tomonidan favqulodda ko‘rilgan choralar tufayli yong‘inni tezda jilovlashga erishildi. O‘sha vaziyatda Sunnatilla o‘zini yo‘qotib qo‘ymay tez, aniq va to‘g‘ri harakat qilganidan xursand bo‘ldim.

Ha, ustozning shogirdidan mamnunligi, shogirdning esa ustozidan minnatdorligi, o‘zaro hamfikrlikda ishlayotgani qanchalar yoqimli. Har ikkisida ham munosiblik saodat ekanligi hayotiy haqiqat.

Gulnoza TURG‘UNBOYEVA, o‘z muxbirimiz

© Postda – На посту, №30 (4724), 2025-yil 24-iyul

Barcha yangiliklar

Text to speech