10 Avgust 2025 Yil 0

Mavsumiy kasallik

Ichburug‘ – yoz faslida aholi, ayniqsa, bolalar orasida avj oladigan mavsumiy kasalliklardan biri. Tibbiyotda bu patologiya o‘tkir diareya, deb ataladi. Xo‘sh, xastalikning kelib chiqishi qanday omillar bilan bog‘liq? U qaysi belgilar bilan namoyon bo‘ladi?

Yozda havo harorati issiq bo‘lgani bois yeguliklar tez ayniydi. Ayniqsa, sut va sut mahsulotlari sifati qisqa muddatda buzilishi mumkin. Bu mazkur kasallikning kelib chiqishinig birinchi omilidir. Kundalik hayotda gigiyena qoidalariga rioya qilmaslik ham o‘tkir diareya kelib chiqishiga sabab bo‘ladi. Ovqatlanishdan avval qo‘llarni sovunlab yuvmaslik, meva-sabzavotlarni yuvmasdan iste’mol qilish shular jumlasidan. Bu holat esa, bakteriya va viruslarning og‘iz orqali organizmga tushib, o‘tkir yuqumli ichak kasalliklari qo‘zg‘alishiga olib keladi. Oqibatda diareyaning ilk belgilari namoyon bo‘ladi.

Bosh aylanishi, og‘rig‘i, holsizlanish va peshobning kam ajralishi, najasning qon aralash, qora va suyuq bo‘lishi, ichaklar bo‘shaganidan keyin ham qorindagi og‘riqning o‘tib ketmasligi, tana haroratining yuqori bo‘lishi xavotirlanishga sabab bo‘ladigan alomatlardir. Shu o‘rinda o‘tkir diareyada erta tashxisning ahamiyati juda katta ekanligini ta’kidlash joiz. Chunki davo choralari qancha tez boshlansa, samara shu qadar yuqori bo‘ladi. Bolalar va kattalarda ko‘ngil aynishi va ich ketishi 12 soatdan ko‘pga cho‘zilsa, darhol chora ko‘rish kerak. Chunki bemor zarur miqdorda suyuqlik qabul qilmasa, hatto, daqiqalar ichida ahvoli og‘irlashishi ehtimoli mavjud. Negaki, qusish, ich ketishi, yuqori harorat tufayli tananing suvsizlanishi tez sodir bo‘ladi. Oqibatda bemorlarda peshob ajralishi to‘xtab, buyrak yetishmovchiligi jarayoni boshlanishi mumkin. Qolaversa, suv balansi kamayishi tufayli qon bosimi keskin tushib ketadi. Ayniqsa, bolalarda o‘tkir diareya kuzatilsa, tezroq shifokor qat’iy nazorati ostida tanada yo‘qotilgan suv o‘rnini o‘z vaqtida qoplash choralarini ko‘rish lozim.

Diareyada yog‘siz bulyon, qo‘shimchasiz makaron, kartoshka (po‘sti bo‘lmasligi kerak),suli yormasi, qaynatilgan tuxum, yog‘siz va shakarsiz yogurt (yoki kefir),tovuq filesi (yoki mol go‘shti) iste’mol qilish mumkin.

Sutli mahsulotlar, yog‘li, qovurilgan, achchiq go‘sht, dukkakli mahsulotlar, yong‘oq va pistalar, loviya va no‘xat, xom sabzavotlar, jo‘xori, sarimsoq va piyoz, chips, konfet va shakar o‘rnini bosuvchilar qo‘shilgan saqichlar, karam va brokkoli, quritilgan mevalar, gazlangan ichimliklardan tiyilish kerak.
Xastalikning erta bosqichida hech qanday tomchi dorilarsiz vaziyatni o‘nglash mumkin. Agar ham qusish, ham ich ketishi kuzatilsa, tomchi muolajalarini qo‘llashga to‘g‘ri keladi. Biroq qusish to‘xtamay, kuchli og‘riq kuzatilsa, uni bartaraf etish uchun alohida muolajalar talab etiladi. Bunda shifokor ko‘rsatmasisiz hech qanday dori qabul qilmang. O‘zboshimchalik qilib jiddiy oqibatlar kelib chiqishiga sabab bo‘lib qolmang.

Eng muhimi, yoz mavsumida har qachongidanda ko‘proq ovqatlanish tartibi, yeguliklar sifati, yaroqliligi hamda gigiyena qoidalariga e’tiborli bo‘lish zarur.

Shahlo SATTAROVA, Toshkent shahar IIBB Tibbiyot bo‘limi poliklinikasi infeksionist-shifokori.

© Postda – На посту, №32 (4726), 2025-yil 7-avgust

Barcha yangiliklar

Text to speech