Toshkent shahrida xavfsiz muhitni shakllantirish hamda jamoat xavfsizligini samarali ta’minlash bo‘yicha namunaviy amaliyotni yaratish yuzasidan Prezidentimiz raisligida o‘tkazilgan videoselektor yig‘ilishida mamlakatimiz rahbari davlat va jamiyat xavfsizligiga jiddiy tahdid solayotgan uyushgan jinoyatchilik, narkojinoyatlar, kiberjinoyatchilik hamda yashirin iqtisodiyotga qarshi kurashish bo‘yicha mutlaqo yangi tizim yaratilishi lozimligini ta’kidladilar. Bu borada «poytaxt namunasi» joriy etilishini aytib, yangi ishlash mexanizmlarini Chilonzor tumani misolida batafsil tushuntirib o‘tdilar.
Kriminogen vaziyatni barqarorlashtirish bo‘yicha Chilonzor tumani tajribasini tatbiq etish yuzasidan Navoiy viloyatida ham bir qator ishlar amalga oshirilmoqda. Xususan, Navoiy shahrida mavjud 33 ta mahallaga 17 nafar rahbar va 33 nafar mas’ul xodim nomma-nom biriktirilgan. Shuningdek, viloyat Mahallalar uyushmasida doimiy faoliyat ko‘rsatuvchi tezkor shtab tashkil etilgan. Mahallalar uyushmasida viloyat hokimligi, DXX viloyat boshqarmasi, viloyat prokuraturasi, IIB va boshqa mas’ul tashkilotlar rahbarlari yig‘ilishdi. Tadbirda mahallalar va jamoat joylarida kriminogen vaziyatga salbiy ta’sir etuvchi omillarni bartaraf etish bo‘yicha manzilli ishlash tizimini joriy etish masalalari muhokama qilindi.
Shundan so‘ng ular shaharning «Kimyogar» mahallasida bo‘lib, oilaturmush munosabatlariga oid jinoyat va huquqbuzarliklar, xotin-qizlar hamda yoshlarning ijtimoiy-maishiy muammolari, ijtimoiy profilaktika, shuningdek, kiberjinoyatlar, uyushgan jinoyatchilik va narkojinoyatlarga qarshi kurashish bo‘yicha o‘z takliflarini berishdi. Bu boradagi o‘rganishlar viloyatning boshqa hududlarida ham davom ettirilmoqda.