13 Iyul 2025 Yil 0

Mahallada kutubxona. Yuksak ma’naviyat sari

Yaqinda Toshkent shahar Sergeli tumani IIOFMB 1-sonli IIB hududidagi «Saxovat» mahalla fuqarolar yig‘ini binosida joylashgan kutubxonada bo‘lib, u yerdagi shart-sharoitlar va imkoniyatlar bilan yaqindan tanishdik.

– Kutubxona ochish haqidagi taklifimizni mahalladoshlarimiz qizg‘in qo‘llab-quvvatlashdi. Fuqarolarimiz o‘zlari kitoblar keltirib berishdi. Shu zaylda mingga yaqin kitob jamlandi. Bu, ayniqsa, yoshlarni kitob xonlikka qiziqtirish, bo‘sh vaqtlarini samarali tashkil etish, dunyoqarashi va ilm saviyasini muntazam oshirib borishiga alohida hissa qo‘shishi, shubhasiz, – deydi mahalla fuqarolar yig‘ini raisi Hakimjon Karimov. Ayni paytda kutubxonaga a’zolar soni 100 nafardan oshdi.
– Fuqarolar kutubxonadan istagan kitobni belgilangan muddatga olib ketadi va o‘qib bo‘lib, yana qaytarib topshiradi. Xohlaganlar kutubxonaning o‘zida o‘tirib o‘qishi ham mumkin. Bolalar uchun badiiy, ensiklopedik va ilmiy adabiyotlarga qiziqish katta, – deydi kututb xonachi Ilmira Yesinbayeva.
Eng qizig‘i, faol kitobxonlar rag‘batlantirib boriladi. Har oyda bir marta ko‘ngilli kitobxonlar ishtirokida o‘qilgan asarlar yuzasidan muhokama bo‘lib o‘tadi. Munozaralar va savol-javoblarga boy tarzda kechadigan bunday tadbirlarni kitobxonlar doim sog‘inib kutishadi.
Faol ishtirokchilar mahalla kutubxonasi tomonidan esdalik sovg‘alari va tashakkurnomalar bilan taqdirlanadi. Kelgusida esa «Eng faol kitobxon oila», «Eng kitobsevar inson» kabi ko‘rik-tanlovlarni o‘tkazish rejalashtirilgan.

Adolat FAYZIYEVA, o‘z muxbirimiz.
Abu KENJAYEV olgan surat.

© POSTDA – На посту

Barcha yangiliklar

Text to speech