– Har kuni idoramizga kelgan fuqarolar eng birinchi bizga ro‘baro‘ bo‘ladi, – deydi Bektemir tumani IIOFMB Ta’minlash va xizmat ko‘rsatish bo‘linmalari qo‘riqlash guruhi xodimi, safdor Shohruxjon Abdurayimov. – Bu o‘zo‘ zidan zimmamizdagi vazifalarni belgilangan tartib-qoidalar asosida mas’uliyat bilan bajarishni taqozo etadi. Biror zururat yuzasidan kelgan fuqarolar bilan tezda muloqotga kirishib, ularni tegishli sohaviy xizmatlarga yo‘naltiramiz. Ularning kayfiyati ham turlicha bo‘ladi, albatta. Kezi kelganda aytishim kerak, kasbimni juda yaxshi ko‘raman.
Aslida Shohruxjonning qalbida ichki ishlar organi xodimi bo‘lishdek maqsad uyg‘onishiga akasi, Milliy gvardiya xodimi Farruxbek Abdurayimov sababchi bo‘lgan. Dastlab u akasining har qanday vaziyatda davlat xizmatchisi sifatida mas’uliyatni unutmasligini kuzatib: «Men ham uddalay olamanmi yoki eplay olmaymanmi?» – deya biroz ikkilangan. Biroq osoyishtalik posbonlarining bir yelkasida sharaf, ikkinchisida mas’uliyat turishini tushunib yetgach, o‘ziga ishonch hosil qildi. Sinovlardan muvaffaqiyatli o‘tib, ilk xizmatini Bektemir tumani IIOFMB Patrul post xizmatida boshlagan.
– O‘zim shifokor, ayolim pedagog, – deydi Rayimberdi Hamdamov. – To‘rt nafar o‘g‘lim bor. Xalqimizda «Yigit kishiga qirq hunar oz», deb bejiz aytilmaydi. Shu maqolga amal qilib, farzandlarimizda yoshligidan kasb-hunarga mehr uyg‘otganmiz. Masalan, o‘g‘lim Shohruxjon 8-sinfligidanoq avtomashina ustasiga shogird tushib, hunar o‘rgangan. Hozir har qanday rusumdagi avtomashinani ta’mirlay oladi. Farzandimning el-u yurtga nafi tegayotganidan xursandman. Safdor Shohruxjon Abdurayimov sohaning o‘ziga xos jihatlarini ustozi katta serjant Sherzod Po‘latovdan o‘rgangan. U zimmasiga yuklatilgan vazifalarni to‘kis bajarishi, mehnatsevarligi bilan rahbariyati, kerakli vaziyatlarda yordamini ayamasligi, insoniy fazilatlari bilan hamkasblari ishonchini qozongan. Aytgancha, u hozirda Islom Karimov nomidagi Toshkent davlat texnika universitetining sirtqi bo‘limi 4-bosqich talabasi hamdir. Oila qo‘rg‘onida ayoli Nozimaxon bilan qizalog‘i Sabinani ulg‘aytirishmoqda.
Tilimizda «Ko‘ngli ochiqning yo‘li ochiq» hikmati tez-tez aylanadi. Lavhamiz qahramoni bilan suhbatlashish asnosida, ko‘ngli toza, samimiy inson ekanligiga ishonchimiz komil bo‘ldi. Uning xizmat, hayot yo‘llaridagi fidoyiligi jamiyatda shaxs sifatidagi qadri va qaddini yuksalishida muhim omil ekanligiga shubhamiz yo‘q.
Gulnoza TURG‘UNBOYEVA, o‘z muxbirimiz. Toshkent shahri.
© Postda – На посту, №34 (4728), 2025-yil 21-avgust