24 Avgust 2025 Yil 0

«Inoqobod»ning ahil ahli

Mirobod tumani «Inoqobod» mahallasiga borganimizda profilaktika inspektori, mayor Azizjon Soburov, mahalla fuqarolar yig‘ini raisi Nursuluv Sabikova va faollar bilan birgalikda kecha tunda ko‘p qavatli uydagi xonadoni derazasidan ko‘chaga chiqindi uloqtirgan 3 nafar fuqaro qilmishini muhokama qilishayotgan ekan.

– Baraka topgurlar, shunday chiroyli yangi uylar mahallamizni bezab turibdi. Ko‘rgan odamning havasi keladi. Qaniydi, menam shunday uylarda yashasam, deydiganlar qancha. Siz bo‘lsa, uyingizdan 30-40 qadam naridagi chiqindixonaga borishga erinib, chiqindini oynadan uloqtirayapsiz! Uyalmaysizlarmi? Bir-ikki marta ogohlantirdik. Insofga kelar, dedik. Qaydam, mana, kamera yana sizlarni qayd etib turibdi. Endi qonuniy chora ko‘ramiz, Aziz aka, – deb raisa opa profilaktika inspektoriga yuzlandi.
Darhaqiqat, bugun azim shaharning barcha mahallalarida maxsus chiqindixonalar barpo etilgan. Ammo, afsuski, ayrim mahallalarda bunday ko‘ngilni xijil qiluvchi holatlar uchrab turibdi. Mahallada 1151 ta yakka tartibdagi xonadonda 2125 ta oila istiqomat qilmoqda. Shuningdek, 12 ta ko‘p qavatli uyning 1048 ta xonadonida 1121 ta oila istiqomat qilar ekan. Shulardan ba’zilari ko‘chaga chiqindi tashlab, ifloslantirgani uchun ular qilmishi muhokamasining ustidan chiqdik. Hovlilarda esa bunday muammolar qayd etilmagan.

Mahallada yoshlar, xotin-qizlar, muqaddam sudlangan va ma’muriy nazoratda turgan shaxslar tomonidan jinoyat sodir etilmagan. Ammo bir nafar chet el fuqarosi tomonidan 2 ta talonchilik jinoyatiga qo‘l urilgan bo‘lsa-da, u o‘z vaqtida fosh etilgan. Shu yilning 2-yanvar kuni ushbu 136-sonli huquq-tartibot maskaniga 28 yoshli ayol M.G. murojaat qilib, kech soat 19:10 larda mahalla hududidagi 82-sonli ko‘p qavatli uy oldida noma’lum shaxs uning «Redmi A1+» rusumli uyali aloqa vosita sini kuch ishlatib tortib olib, voqea joyidan yashiringani haqida aytib, unga nisbatan chora ko‘rishni so‘raydi.
Profilaktika inspektori zudlik bilan barcha ko‘chadagi videokameralar kuzatuvini o‘rganib, shubha uyg‘otgan noma’lum kishini ajratib oladi. Tezkor qidiruvda noma’lum shaxs ning tojikistonlik ekanligi aniqlanadi va u chegaradan o‘tib, qochib ketmasligi uchun barcha chegara postlariga maxsus xabarnoma
tarqatiladi.
Chegara postida qo‘lga olingan talonchi bilan olib borilgan tezkor-surishtiruv ishlari chog‘ida uning mahalladagi yana bir qizchaning qimmatbaho uyali aloqa vosita sini zo‘rlik bilan tortib olib ketgani ham aniqlanib, to‘plangan hujjatlar qonuniy chora ko‘rish uchun sudga yuboriladi.
– Yana bir uyali telefon va 1 ta velosiped o‘g‘irlagan 2 nafar shaxs ham tezda qo‘lga olindi. Bitta oila turmush doirasida sodir etilgan, aka-uka o‘rtasidagi nizo tufayli kelib chiqqan tanjarohati yetkazish holati bo‘yicha ham to‘plangan hujjatlar sudga chiqarildi, – deydi mayor A.Sobirov. – Mahallamiz o‘tgan yili «qizil» toifada edi. Bu yil mahalla yettiligi bilan hamkorlikda qilingan sa’y-harakatlar tufayli o‘tgan yilga nisbatan jinoyatlar kamayib, «sariq toifa»ga o‘tdik. Yil yakunida «yashil» toifaga o‘tishni rejalashtirganmiz.
Qolaversa, hamkorlikdagi ishlar doimo o‘z samarasini bergan. Shu bois, mahalla tinchligi, obodligi va ozodaligi yo‘lida birgalikda kurashayotgan inoqobodliklar ham keyingi yilda «yashil» toifadagi mahallalar qatoriga qo‘shiladi, – degan umiddamiz. Chunki ularning o‘zaro ahilligi va hamjihatligi inoqligini bezab turibdi.

Shuhrat RO‘ZIYEV, o‘z muxbirimiz.

© Postda – На посту, №34 (4728), 2025-yil 21-avgust

Barcha yangiliklar

Text to speech