24 Avgust 2025 Yil 0

«...Iltimos, qutqaring!»

Jahon sog‘liqni saqlash tashkilotining hisobotiga ko‘ra, ichkilikbozlik tufayli dunyoda har yili 3 million kishi hayotdan ko‘z yummoqda. Bu har 10 soniyada bir kishi ushbu illat qurboniga aylanayotganidan dalolat beradi. Surunkali ichuvchilarning spirtli ichimlik ichmaydiganlarga nisbatan o‘rtacha o‘lim ko‘rsatkichlari ikki barobarga yuqori ekan. Bu esa inson umrini 17–18 yilga qisqartiradi.

O‘rganishlar natijasida suvga cho‘kkanlarning 2/3 qismi (60 foizdan ko‘prog‘i) spirtli ichimlik ichgan kishilar bo‘lishi aniqlandi. Yaqinda suvga cho‘kayotgan fuqaro qutqarilganda, u spirtli ichimlik ta’sirida shu ishga qo‘l urgani aniqlandi. Voqea poytaxtimizning Uchtepa tumanida sodir bo‘ldi. Tuman IIOFMB Navbatchilik qismiga soat tungi taxminan 03:50 lar atrofida Uchtepa tumani hokimiyati postida xizmat olib borayotgan tuman Qo‘riqlash bo‘limi safdor xodimi S.Jo‘raxonov noma’lum fuqaro «Bo‘zsuv» kanaliga o‘zini tashlaganligi yuzasidan xabar beradi. Voqea joyiga zudlik bilan Qo‘riqlash otryadi, IIOFMB tergov-tezkor guruhi xodimlari yetib boradi.

– Bir fuqaro cho‘kayotgan odamni qutqarishga urinayotganini, ammo kuchi yetmayotganini ko‘rib men ham darhol o‘zimni suvga otdim, – deydi Qo‘riqlash bo‘limi Xizmatni tashkil etish guruhi katta inspektori, kapitan Sarvarbek Meliqo‘ziyev. – Fuqaro tinmay «O‘lishni istamayman, iltimos, qutqaring! » deb baqirardi. Mutaxassislarning ta’kidlashicha, suvda cho‘kayotgan odamni qutqarish uchun qutqaruv anjomlari va qayiqlardan foydalaniladi. Ular bo‘lmaganda esa qutqaruvchi xavfsizlik choralarini bilish talab etiladi. Agar cho‘kayotgan odam hushini yo‘qotgan bo‘lsa, uni suvdan olib chiqish ancha qulay.
Lekin hushini yo‘qotmagan bo‘lsa, sarosima va vahimaga tushgan holda qutqaruvchiga qattiq yopishishi, uni ham suv ostiga tortib ketishi mumkin. Qahramonimiz bu borada barcha jismoniy mahoratini ishga soldi va qisqa fursat ichida cho‘kayotgan fuqaroni qutqarib qolishga muvaffaq bo‘ldi.
Bilamizki, o‘lim holati faqatgina suvda emas, balki jabrlanuvchi suvdan olib chiqilgandan so‘ng ham kuzatilishi mumkin. Jonlantirish tadbirlarining ijobiy natijasi ularning to‘g‘ri va o‘z vaqtida ko‘rsatilishiga bog‘liq.

Shu bois Tez tibbiy yordam xodimlari fuqaroga birinchi yordam ko‘rsatib, uni Respublika shoshilinch tibbiy yordam ilmiy markaziga olib ketishdi.
– Olib borilgan surishtiruvlar natijasida o‘zini suvga tashlagan fuqaro shu tumanning «Beshqayrag‘och» mahallasida istiqomat qiluvchi S.Valijonov ekanligi ma’lum bo‘ldi, – deydi Uchtepa tumani IIOFMB boshlig‘ining o‘rinbosari, podpolkovnik Sharapat Kudiyarov. – Uning umr yo‘ldoshi bilan suhbatlashganimizda, oilada hech qanday ziddiyat yuzaga kelmaganini aytdi. So‘nggi paytlarda S.Valijonov spirtli ichimlik iste’mol qilayotgani va mastlik natijasida o‘zini nazorat qilolmayotganini bayon qilib, bu holat ham ichkilik ta’sirida bo‘lganini bildirdi. Turmush o‘rtog‘ini qutqarib qolganlarga alohida minnatdorlik bildirdi.
Darhaqiqat, ichkilikbozlik, spirtli ichimliklarga tobelik insonning tanasini g‘arib, ruhini xasta qiladi. Yuqoridagi holatdan har kim o‘zi uchun to‘g‘ri xulosa chiqarib olsa, ajabmas...

Adolat FAYZIYEVA, o‘z muxbirimiz. Toshkent shahri.

© Postda – На посту, №34 (4728), 2025-yil 21-avgust

Barcha yangiliklar

Text to speech