— Otam Normo‘min Turanqulov uzoq yillar ichki ishlar organlarida samarali xizmat qilib, kapitan unvonida yorug‘ yuz bilan pensiyaga chiqqan edi, – deydi Yunusobod tumani «Uvaysiy» mahallasi profilaktika katta inspektori, mayor Zuxrjon Turanqulov. – Ikkimiz doim hamfikr edik, u kishi mening eng birinchi ustozim bo‘lgan. Hozir otam oramizda yo‘q, ammo hayotining so‘nggi kunlarida ham mas’uliyatli xizmatim haqida qayg‘urib nasihat qilgani kechagidek quloqlarim ostida jaranglab turadi. Bugun otamdan, ustozlarimdan o‘rganganlarimni yosh xodimlarga boyitib yetkazishga harakat qilaman.
Mayor Zuxrjon Turanqulov qariyb 28 yildirki tizimda xizmat olib boradi. Shogirdlari juda ko‘p. U sohada xizmat boshlagan yosh xodimlarga jonkuyar ustoz, kezi kelganida bag‘rikeng otadek maslahat berib, yo‘l-yo‘riq ko‘rsatib, yillar davomida orttirgan tajribasini o‘rgatishdan erinmaydi.
– Huquqni muhofaza qilish akademiyasida tahsil olib, xizmat boshlaganimga ko‘p vaqt bo‘lgani yo‘q, – deydi «Uvaysiy» mahallasi profilaktika inspektori, leytenant Bobur Tojimboyev. – Huquq-tartibot sohasiga yoshligimdan qiziqqanman. Shuning uchun huquqshunoslik yo‘nalishida o‘qidim. Biroq ushbu sohada ishlash uchun faqatgina nazariy bilimning o‘zi yetarli emas ekan. Shu o‘rinda ustoz borasida omadli ekanligimni aytib o‘tishim kerak. Hozirda ustozim – mayor Zuxrjon Turanqulovning maslahat, tavsiyalari yordamida nazariy bilimlarimni amaliyotga uyg‘unlashtirishim oson kechmoqda. Ustozimdan avvalo aholi bilan ishlashni, muomala madaniyatini, murosa qilishni o‘rgandim. Muammoli vaziyatlarga to‘g‘ri baho berish, masalaning yechimini qonun talablaridan kelib chiqqan holda topish malakasini tobora yaxshiroq o‘zlashtiryapman. Aslida, ustozim bilan xizmat jarayoni haqidagi har bir suhbatimizni «mahorat darsi» deyish mumkin. Ichki ishlar organlaridek mas’uliyatli sohada har bir xodim uchun bildirilgan ishonchni oqlash – sharaf. Bunday ezgu maqsad yo‘lida ustoz-shogirdlik an’anasi eng muhim omillardan biridir.
– Zamonaviy bilimlarni o‘zlashtirgan, ziyrak, shijoatli yoshlar ishimizning davomchilaridir, – deydi mayor Zuxrjon Turanqulov. – Leytenant Bobur Tojimboyev xizmatining ilk kunlaridanoq o‘zining zukkoligi, tirishqoqligi bilan e’tiborimni tortdi. To‘g‘ri, u hali yosh, biroz shoshqaloqligi bor. Ammo o‘z ustida ishlashdan erinmaydi, tanqidni to‘g‘ri qabul qiladi. Uning kelajakda malakali kadr bo‘lib yetishishiga ishonchim komil.
Ustoz-shogirdlik an’anasiga kecha, bugun va ertani bir-biriga bog‘lovchi ko‘prik deya ta’rif berish mumkin. Bunda ustozning fidoyiligi, shogirdning shashti birlashsa, albatta, qaysi kasb yoki xizmatda bo‘lmasin, shu sohaning mohir mutaxassisi shakllanadi. Oramizda mayor Zuxrjon Turanqulovdek jonkuyar ustozlar, leytenant Bobur Tojimboyev singari shijoatli yosh xodimlar bor ekan, sohaning ertasi ishonchli qo‘llardadir.
Gulnoza TURGʻUNBOYEVA, o‘z muxbirimiz
© «Postda – На посту – At the post», №10 (4756), 2026-yil 5-mart