25 Oktyabr 2025 Yil 0

Har qadamda mas’uliyat

Ichki ishlar organlari tizimida mas’uliyatli, bilimli hamda fidokor yoshlar ko‘p. Shunday umidli yoshlardan biri Shayxontohur tumani «Ko‘kcha» mahallasiga xizmat ko‘rsatuvchi profilaktika inspektori, leytenant Mirzabek Muhammadovdir.

Ilk xizmatini aynan shu mahallada boshlagan lavhamiz qahramoni hayotidagi muhim burilish nuqtasi Huquqni muhofaza qilish akademiyasini muvaffaqiyatli tamomlaganda yuz berdi. Zamonaviy bilim bilan qurollangan yosh ofitser endilikda o‘z iqtidorini joylarda fuqarolar osoyishtaligini ta’minlash, jinoyatchilikning barvaqt oldini olish hamda yoshlar bilan profilaktik ishlar olib borishga safarbar etmoqda.

Mirzabekga malaka va xizmat sirlarini murabbiyi podpolkovnik Azamat Fayzullayev o‘rgatib kelmoqda. Shuningdek, hamkasblari – katta leytenant Hamdam Ochilov va leytenant Abdug‘ofur Ahmadbekov ham samarali ish yuritishida unga qo‘l-qanot bo‘lmoqda.

Mahalla hududi 8100 nafardan oshiq aholi istiqomat qiladigan yirik maskan. Bu yerda 2 ta umumta’lim maktabi va 2 ta maktabgacha ta’lim tashkiloti faoliyat yuritadi. Mahalla fuqarolar yig‘ini raisi Zuleha Karimova boshchiligidagi mahalla yettiligi bilan hamkorlikda profilaktika ishlari izchil yo‘lga qo‘yilgan. Yosh profilaktika inspektori mahallada har bir oila, tengdoshlari bilan doimiy muloqotda bo‘lishga, huquqbuzarliklarning barvaqt oldini olishga intiladi. Shunday yoshlarni ko‘rib, yuragida el dardi, qadamida mas’uliyat borligiga yana bir bor amin bo‘lasiz. Leytenant Mirzabek Muhammadov kabi istiqbolli yoshlarga ko‘proq ishonch bildirish, ularni qo‘llab-quvvatlash yurt osoyishtaligi va tinchligi yo‘lida qilinayotgan ezgu sa’y-harakatlarning mustahkam poydevori bo‘lishi shubhasiz.

Sarvar SOBIROV, o‘z muxbirimiz

© Postda – На посту, №43 (4737), 2025-yil 23-oktabr

Barcha yangiliklar

Text to speech