19 Sentyabr 2025 Yil 0

Farzandlarimizni ehtiyot qilaylik

O‘quvchi-yoshlarni yo‘llarda turli falokatlardan asrash – muhim vazifa. Shu maqsadda Toshkent shahar IIBB YHXB tomonidan tizimli ishlar amalga oshirilmoqda.

Bolalar ishtirokidagi yo‘l-transport hodisalarining oldini olish maqsadida, respublika hududida 1-sentabrdan 31-sentabrga qadar «Diqqat, bolalar!» keng qamrovli profilaktik oyligi o‘tkazilmoqda. Oylik davomida maktablar atrofidagi yo‘l infratuzilmalari, xususan, yo‘l yotiq chiziqlarining mavjudligi, cheklangan tezlik, yo‘l belgilari o‘rnatilganligi, svetoforlarning soz holatda ekanligi IIBB YHXB shaxsiy tarkibi tomonidan yana bir bor to‘liq o‘rganib chiqildi.

Shuni alohida ta’kidlash joizki, bolalarning xavfsiz harakatlanishini ta’minlash maqsadida shahar IIBB YHXB tomonidan «Xavfsiz va ravon yo‘l» umummilliy dasturi bo‘yicha 2022-yildan 2025-yilga qadar jami 216 ta maktab hududida «Yo‘l harakati qoidalarini o‘rgatish sinfxonalari » va 130 ta maxsus maydoncha tashkil etilgan. Natijada o‘qituvchi va tarbiyachilar tomonidan yo‘l harakati qoidalari yuzasidan muntazam ravishda amaliy va ko‘rgazmali o‘quv mashg‘ulotlari olib borilib, namunali yo‘l harakati qatnashchisi tarbiyalanishiga zamin yaratilmoqda.

Farzandlarimizning yo‘llarda xavfsiz harakatlanishi, avvalo, biz ota-onalarga bog‘liq. Bolani qarovsiz, e’tiborsiz qoldirish ayanchli oqibatlarga olib kelishi mumkin. Ta’lim muassasalarida dars soatlari tugagach, o‘quvchilar uyiga yo‘l olishadi. Zero, nazoratsiz qolgan bolajonlar bilan baxtsiz hodisa yuz bermasligiga hech kim kafolat bermaydi. Shunday ekan, har birimiz o‘z dilbandimizni o‘zimiz ehtiyot qilaylik.

Sarvar SOBIROV, o‘z muxbirimiz

© Postda – На посту, №38 (4732), 2025-yil 18-sentabr

Barcha yangiliklar

Text to speech