31 Oktyabr 2025 Yil 0

Ezgu muddaoning qanoti bor

Nodir (ismi o‘zgartirildi) 10-sinf o‘quvchisi. Uning beqaror kayfiyatimi yoki boshqa sababdanmi, xullas, oxirgi paytlarda xulq-atvorida salbiy tomonga o‘zgarishlar yuz beryapti. O‘tgan gal sababsiz dars qoldirgani uchun otasi maktabga chaqirtirilib, ogohlantirilgan edi. Bu safar esa cho‘ntagidan elektron sigareta chiqdi. Ha, uning «erkaligi» tobora oshib boryapti. Yigitchaning ta’lim-tarbiyasi bilan jiddiyroq shu g‘ullanish kerak.

Bundan xabar topgan poytaxtimizning Sergeli tumani IIOFMB HPB voyaga yetmaganlar va yoshlar profilaktikasini tashkil etish guruhi inspektori, podpolkovnik Ozoda Toliboyeva birinchi navbatda Nodirning maktabda qanday baholarga o‘qiyotgani, sinfdoshlariga muomalasini kuzatib, so‘ngra ota-onasi bilan suhbatlashdi. Bildiki, oilada sog‘lom muhit hukmron. Masalaning o‘ylab ko‘riladigan tomoni o‘smirning atrofidagi boshqa tengqurlari bilan bog‘liq ko‘rinadi. Chunki Nodirning onasi gap orasida o‘g‘lini qo‘shni mahalladagi o‘zidan yoshi katta 3–4 yigit bilan yaqinligini aytib qoldi.

– Nodir bilan yakka tartibda ishladik, – deydi podpolkovnik Ozoda Toliboyeva. – Psixologik suhbatlar olib borildi. Bunda uning ota-onasi yaqindan yordam berdi. Uyda vaqtini mazmunli o‘tkazishi, ko‘chada yurish-turishi, kimlar bilan muloqot qilayotganini qat’iy nazoratga olishdi. Nodir hozirda o‘z oldiga qat’iy maqsad qo‘yib, oliy o‘quv yurtiga kirish uchun astoydil tayyorlanmoqda. Xulq-atvori ham ijobiy tomonga o‘zgardi.

Ha, lavhamiz qahramoni haq gapni aytdi. Nodir singari o‘smirlar misoli nihol. Tabiiyki, uning ko‘kka bo‘y cho‘-zib, ulkan daraxtga aylanishi uchun bog‘bon mehr berib parvarish qilishi kerak. E’tibor qaratilmagan nihol qurib, xazon bo‘lgani yoki qiyshiq o‘sgani singari, nazoratsiz qolgan yoshlar ham qiziqqonlikdan, ba’zan o‘zi xohlamagan holda xatoga yo‘l qo‘yishadi. Shunday vaziyatlarda ular tinglay olinsa, jazolovchi emas, mehrli qo‘llar uzatilsa, albatta, hayotda o‘z yo‘llarini topib ketishadi.

– Sergeli tumani aholisining o‘n uch ming nafarini yoshlar tashkil etadi, – deydi Ozoda opa. – 76 nafar tarbiyasi og‘ir yoshlar tumanning mutasaddi rahbarlariga biriktirilgan. Hozirda ularning muammolari tegishli tartibda o‘rganilib, muntazam amaliy ishlar olib borilmoqda.

Lavhamiz qahramoni qariyib 23 yildan buyon ichki ishlar organlari tizimida faoliyat yuritib keladi. Jamoasida o‘z o‘rniga ega, tajribali xodima sohada yaqinda faoliyat boshlagan leytenantlar Akrom Asatullayev, Aziza Poyonova singari yoshlarga ustoz sifatida beminnat maslahatlarini beryapti.

Podpolkovnik Ozoda Toliboyeva har kuni yoshlarni to‘g‘ri yo‘lga yo‘llashdek ezgu maqsad bilan xizmatga otlanadi. Kech tushganida esa nabirasi Yasminaxonning shirin qiliqlarini sog‘inib, fayzli xonadoni, oilasi, yaqinlari davrasiga oshiqadi. Ezgu muddao, yaxshi niyatning qanoti bor, uni atrofdagilarga chin ko‘ngildan ilinsang, o‘zingga ham ziyoda bo‘lib qaytadi, degani shu bo‘lsa kerak-da.

Gulnoza TURG‘UNBOYEVA, o‘z muxbirimiz

© Postda – На посту, №44 (4738), 2025-yil 30-oktabr

Barcha yangiliklar

Text to speech