18 Mart 2026 Yil 0

El-yurt uchun jonfido o‘g‘lon

1993-yilda Qashqadaryoda tug‘ilgan Hosilbek chinakam ziyolilar xonadonida kamolga yetdi. Uning otasi Beknazar aka va onasi Dilorom opa o‘rta ta’lim maktabida yoshlarga saboq bergan. Shuningdek, ikki opasi ota-onasining kasbini davom ettirmoqda. Ma’rifatli xonadonda olingan tarbiya yosh o‘g‘lonning qalbida Vatanga muhabbat va mas’uliyat hissini uyg‘otdi. U oilaning kenja farzandi, ota-onasining suyangan tog‘i va faxri edi.

Hosilbek o‘z faoliyatini 2022-yilda Yashnobod tumani IIOFMB kanselyariya ish yurituvchisi sifatida boshladi. Keyin IIOFMB JTSB saf bo‘linmalari PPX otryadi inspektori sifatida toblanib, jamoat tartibini saqlashda jonbozlik ko‘rsatdi. 2025-yilning fevralidan boshlab esa Toshkent shahar IIBB YHXB YPX brigadasi 2-batalyonida xizmatini davom ettirdi.

YPX inspektori sifatida jami 1392 ta huquqbuzarlikni aniqladi. Shundan 324 tasi qo‘pol qoidabuzarliklar, ya’ni 14 nafar mast holatda rulga o‘tirgan haydovchi to‘xtatib qolingan, qarama-qarshi yo‘nalishda harakatlanish, hujjatsiz boshqarish va svetoforning qizil chirog‘iga bo‘ysunmaslik kabi 52 ta og‘ir oqibatli holatlarga chek qo‘ygan.

2026-yilning 25-fevral kuni kichik serjant Hosilbek Eshnazarov hayotidagi so‘nggi kun bo‘ldi. Mirobod tumani Nukus ko‘chasida o‘z xizmat vazifasini o‘tayotgan bir paytda tezlikni me’yoridan oshirib, boshqalar hayotiga xavf solayotgan, olib qochilgan avtomobilni to‘xtatish uning zimmasiga tushdi. Boshqaruvdagi voyaga yetmagan qonunbuzarning xatti-harakati katta fojiaga sabab bo‘lishi mumkin edi. Hosilbekning oldida ikkita yo‘l bor edi: yo chetga chiqib o‘z jonini asrash, yoki yo‘lni to‘sib, begunoh insonlar hayotini saqlab qolish. U hech ikkilanmay, ikkinchi yo‘lni tanladi. O‘z hayotini xavf ostiga qo‘yib, yuzaga kelishi mumkin bo‘lgan dahshatli to‘qnashuvning oldini oldi…

Og‘ir tan jarohati olgan Hosilbek zudlik bilan shifoxonaga yetkazildi. Qariyb uch kun davomida shifokorlar uning hayotini saqlab qolish uchun bor imkoniyatni ishga solishdi. Ammo taqdiri azalning hukmi o‘zgacha ekan. Har bir nafasi uchun mardonavor kurashgan, o‘lim bilan yuzma-yuz kelganda ham, o‘z qasamyodiga sodiq qolgan o‘g‘lon 33 bahorni qarshi olayotgan bir paytda boqiy dunyoga rixlat qildi.

O‘zbekiston Respublikasi Prezidentining farmoniga binoan, kichik serjant Hosilbek Eshnazarov o‘limidan so‘ng «Jasorat» medali bilan taqdirlandi. Bu nafaqat qahramon xodimga, balki o‘z burchiga sodiq qolgan barcha soha vakillariga bo‘lgan ehtirom ramzidir. Uning farzandlari hali juda yosh. Ular otasining nima uchun uyga qaytmaganini so‘rashganda, «Otangiz o‘nlab insonlarni o‘limdan qutqarib qolgan qahramon!» deb javob berishadi. O‘g‘illari ulg‘ayganda, otasining «Jasorat» medalini qo‘liga olib, uning izidan borib, yurt osoyishtaligi uchun xizmat qiladigan ichki ishlar organlari xodimi bo‘lishsa, ne ajab.

Sarvar SOBIROV, o‘z muxbirimiz

© «Postda – На посту – At the post», №10 (4756), 2026-yil 5-mart

Barcha yangiliklar

Text to speech