9 Avgust 2025 Yil 0

«Dachalar bor, dachalar...»

Yozning jazirama kunlarida barcha kundalik yugur-yugurlardan qochib, tog‘ yonbag‘riga chiqib, toza havodan nafas olib, hordiq chiqargisi keladi. Quvonarlisi, yurtimizning xushmanzara tabiatiga hamohang yilning to‘rt faslida dam olish uchun yetarlicha shartsharoitlar muhayyo etilgan bir-biridan shinam dam olish maskanlari bor. Bundan tashqari, trenajeyor zali, tennis korti, futbol maydoni, kinoteatr, hatto bolajonlar uchun sport maydonchasi, basseyn mavjud dalahovlilar («dachalar») ham ko‘p.

Bu yaxshi, to‘g‘rirog‘i, cho‘ntakda pul bo‘lsa, yaxshi. «Yaxshi dam – mehnatga hamdam», deyishga shoshilmang. Chunki oramizda aynan «dachalar»ga chorlovni «o‘xshatib», odamlarni yaxshigina pulga «uxlatib» ketayotganlar yo‘q emas. Aks holda Toshkent shahar IIBBga Nozimjon Karimov (ismlar o‘zgartirildi) ariza bilan murojaat qilmagan bo‘lardi.
Holat haqida qisqacha to‘xtaladigan bo‘lsak, Nozimjon Karimov joriy yilning 22-iyun kuni oila a’zolari bilan dam olish maqsadida «OLX.uz» sayti orqali dalahovli reklamalari bilan tanishib, ulardan ma’qul bo‘lganiga qo‘ng‘iroq qiladi. Unga o‘zini «dacha egasiman», deya tanishtirgan O.D. oldindan to‘lov qilgan taqdirda dachani band qilishini aytadi. Dala hovlidagi shart-sharoitlar uning tanloviga mosligidan xursand bo‘lgan Nozimjon o‘zining plastik kartasidan 1.400.000 so‘m pulni O.D. ning hisobiga o‘tkazib beradi. Biroq shundan keyin «dacha egasi» aloqani uzib qo‘yadi. Nozimjon shundagina yolg‘on dala hovli reklamasiga duch kelganini anglab yetadi.
Ushbu holat bo‘yicha Toshkent shahar IIBB Axborot texnologiyalari sohasida jinoyatchilikka qarshi kurashish boshqarmasi xodimlari tomonidan olib borilgan tezkor tadbir natijasida 1999-yilda Toshkent shahrida tug‘ilgan, O.D. qo‘lga olindi. Olib borilgan surishtiruv harakatlari davomida ushbu shaxs ning 30 dan ortiq shu kabi jinoiy qilmishlari ma’lum bo‘ldi. Ayni paytda mazkur holat yuzasidan jinoyat ishi qo‘zg‘atilib, dastlabki tergov harakatlari olib borilmoqda.
Inson yaxshi hordiq chiqarganida, eng avvalo, uning asablari tinchlanadi. Asabni asrash uchun kezi kelganda ishonchli manbaalarga murojaat qilish kerakligini unutmang. Aks holda internet saytlarida o‘ziga tegishli bo‘lmagan «dacha»larni o‘ziniki qilib ko‘rsatib, reklamasini joylab, fuqarolarni aldayotganlar tuzog‘iga ilinib qolishingiz mumkin.

Gulnoza TURG‘UNBOYEVA, o‘z muxbirimiz

© Postda – На посту, №32 (4726), 2025-yil 7-avgust

Barcha yangiliklar

Text to speech