Ichki ishlar organlarining Faxriylar kengashlari jamoat tuzilmasi hisoblanadi. Ularning asosiy maqsadi yosh xodimlarni vatanparvarlik, burchga sadoqat ruhida tarbiyalashga faxriylarni jalb etishdir.
Toshkent shahar IIBB Faxriylar kengashi safida bugungi kunda 11632 nafar a’zo ro‘yxatga olingan. Ulardan davlat boshqaruvi organlari, mahallalar va jamoat tashkilotlarida ishlayotganlari 130 nafarni tashkil etadi. Shundan 60 nafari mahalla fuqarolar yig‘ini raislaridir. Ular orasida davlat mukofotiga sazovor bo‘lganlar hamda Ichki ishlar vaziri tomonidan taqdirlanganlari ham bor. Mazkur Faxriylar kengashi ning faol 28 nafar a’zosi doimo bamaslahat ish yuritishadi. Ular ichki ishlar idoralarida, IIV ta’lim muassasalarida o‘tkazilayotgan uch avlod uchrashuvlari doirasida yosh xodimlar bilan muloqot qilib, o‘zlarining boy tajribalari bilan o‘rtoqlashishyapti. Qolaversa, ichki ishlar organlari shaxsiy tarkibi o‘rtasida xizmat intizomi va qonuniylikni mustahkamlashga ham munosib hissa qo‘shib kelmoqda. Darhaqiqat, faxriylar hayot ning past-u balandini yaxshi biladigan, qiyinchilik va sinovlarini boshdan kechirgan, yurt tinchligi va osoyishtaligini saqlash yo‘lida fidokorona xizmat qilgan insonlardir. Ularning hayot yo‘li yosh avlod uchun haqiqiy ibrat maktabi bo‘la oladi.
IIBB Faxriylar kengashi, shuningdek, uzoq yillar Toshkent shahar ichki ishlar organlarida samarali xizmat qilib yoki nogironligi sababli pensiyaga chiqqan faxriylarga, hamda xizmat vazifasini bajarish chog‘ida vafot etgan xodimlarning oila a’zolariga moddiy va ma’naviy yordam
ko‘rsatib kelmoqda.
Ichki ishlar organlari va mahalliy hokimiyat idoralari orqali faxriylarning yashash va maishiy shart-sharoitlarini yaxshilash, tibbiy yordam ko‘rsatish, sanatoriy va dam olish maskanlariga qonun hujjatlarida belgilangan imtiyozli yo‘llanmalar bilan ta’minlashga, fuqarolik marosimlari va boshqa zarur hayotiy tadbirlarni tashkil etishga amaliy yordam be rish ham Kengashning muhim vazifalaridan hisoblanadi.
Toshkent shahar Ichki ishlar bosh boshqarmasi boshlig‘ining maslahatchisi, O‘zbekistonda xizmat ko‘rsatgan yurist, «Mehnat shuhrati» ordeni sohibi, iste’fodagi polkovnik Murodjon Karimov uzoq yillar davomida Faxriylar kengashiga raislik qilib kelmoqda. U bilan Faxriylar kengashi faoliyati haqida suhbatlashar ekanmiz, gap o‘z-o‘zidan yaqinda davlatimiz rahbari raisligida bo‘lib o‘tgan videoselektor yig‘ilishi mavzusiga borib taqaldi.
— Videoselektor yig‘ilishida Prezidentimiz tomonidan kiberjinoyatchilikka qarshi kurashishda sun’iy intellekt, zamonaviy texnologiyalardan foydalanish, transchegaraviy va virtual jinoyatchilikka qarshi kompleks tizim yaratish bo‘yicha muhim tashabbuslar ilgari surildi. Shuningdek, narkojinoyatchilikka qarshi kurashni kuchaytirish, yoshlarni giyoh vandlik illatidan asrash, poytaxt tumanlarida «Qaytaruv guruhlari» faoliyatini yo‘lga qo‘yish, ichki ishlar organlari xodimlarini har tomonlama qo‘llab-quvvatlash va rag‘batlantirish masalalari ham e’tibor markazida bo‘ldi. Yurtboshimizning xalqimiz manfaatini ko‘zlab, kuyunchaklik bilan olib borayotgan siyosatining asl mohiyatini yosh xodimlarga yetkazish, ularni Vatan va xalqqa sadoqat ruhida tarbiyalash borasida biz, faxriylar ham, o‘z faoliyatimizni yanada takomillashtiramiz, — dedi Murodjon Karimov.
Adolat FAYZIYEVA, o‘z muxbirimiz
© «Postda – На посту», №6 (4752), 2026-yil 5-fevral