25 Fevral 2026 Yil 0

Chilonzorda xavfsiz muhitni yaratish bo‘yicha “poytaxt namunasi” joriy qilinmoqda

Prezident Shavkat Mirziyoyev raisligida Toshkent shahrida xavfsiz muhitni shakllantirish hamda jamoat xavfsizligini samarali ta’minlash bo‘yicha namunaviy amaliyotni yaratish chora-tadbirlari yuzasidan o‘tkazilgan videoselektor yig‘ilishida uyushgan jinoyatchilik, narkojinoyatlar, kiberjinoyatchilik va yashirin iqtisodiyot bo‘yicha jilovni qo‘lga olishi shartligi ko‘rsatib o‘tildi.

Ushbu yo‘nalishlarda mutlaqo yangi tizim yaratilib, jarayon birinchi navbatda Toshkent shahrida boshlanishi, jumladan, xavfsiz muhit yaratish bo‘yicha “poytaxt namunasi” joriy etilishi ta’kidlandi.  

Chilonzor tumanida jamoat xavfsizligi kuch-vositalarini boshqarish yangicha tashkil qilinishi, patrul-post, yo‘l-patrul, qo‘riqlash va profilaktika xizmatlari tunu kun 3 smenali xizmat rejimiga o‘tilishi aytildi. Patrul guruhlariga huquqbuzarlik to‘g‘risida xabar kelib tushganda, voqea joyiga 5 daqiqa ichida yetib keladigan tizim bo‘ladi.

Tumandagi 55 mahalladagi profilaktika inspektorining xizmat xonasi eshigi u bilan tezkor bog‘lanish uchun aloqa tugmasi bilan jihozlanadi. Ya’ni profilaktika inspektori qayerda bo‘lmasin, aholi uni qo‘l telefoni va planshetiga tunu kun bog‘lanishi mumkin bo‘ladi.

Davlatimiz rahbari tomonidan qo‘yilgan topshiriqlarni bajarish borasida amaliy ishlar boshlandi. Ayni paytda Toshkent shahrining Chilonzor tumanida xavfsiz muhitni yaratishga qaratilgan “Poytaxt namunasi” loyihasi doirasida keng ko‘lamli ishlar amalga oshirilmoqda.

Mazkur loyiha doirasida tuman aholisi o‘rtasida zamonaviy qo‘riqlash vositalarining ahamiyatini tushuntirish, ulardan samarali foydalanish bo‘yicha targ‘ibot-profilaktik tadbirlari tizimli ravishda tashkil etilmoqda. Ushbu tadbirlar orqali fuqarolarning xavfsizlikka bo‘lgan ongi oshirilib, turli noxush holatlarning oldini olishga qaratilgan amaliy ko‘nikmalar shakllantirilmoqda.

Chilonzor tumanidagi ko‘p qavatli uylar yo‘laklariga tashvish tugmalarini o‘rnatish ishlari izchil davom ettirilmoqda. Mazkur tugmalar orqali favqulodda holatlarda tezkor harakatlanuvchi guruh xodimlarini zudlik bilan chaqirish imkoni yaratilib, huquqbuzarliklar hamda jinoyatlarning barvaqt oldini olishga qaratilgan. Bundan tashqari, fuqarolar xonadoniga mobil tashvish tugmalari o‘rnatilib, aholining shaxsiy xavfsizligi yanada mustahkamlanmoqda.

Amalga oshirilayotgan ushbu chora-tadbirlar poytaxtda xavfsiz muhitni yaratish, jamoat tartibini saqlash, aholini mulkiy tajovuzlardan himoya qilishga xizmat qiladi.  

“Poytaxt namunasi” loyihasi doirasidagi ishlar kelgusida ham izchil davom ettirilib, Toshkent shahri yanada xavfsiz va barqaror megapolisga aylantiriladi.

Norgul Abduraimova, O‘zA

Barcha yangiliklar

Text to speech