Poytaxtimizning serqatnov ko‘chalarida har kuni bir necha yuz minglab transport vositalari hamda piyodalar harakatlanadi. Mana shunday murakkab vaziyatda harakat xavfsizligini ta’minlash, fuqarolarning hayoti va sog‘lig‘iga jiddiy zarar yetkazishi mumkin bo‘lgan yo‘l-transport hodisalaridan asrash – birinchi navbatda yo‘lpatrul xizmati xodimlarining zimmasidagi vazifa.
Toshkent shahar IIBB YHXB YPX brigadasi 3-batalyon 3-safarbar guruhi inspektori, kichik serjant Ilyos Abdullayev hamkasblari bilan asosan, poytaxtimizning markaziy hamda gavjum – Alisher Navoiy ko‘chasi bo‘ylab xizmat olib boradi.
– Biz uchun eng muhimi – haydovchi, yo‘lovchi va piyodalarning xavfsizligini ta’minlash, – deydi kichik serjant Ilyos Abdullayev. – Qoidabuzarlik natijasida rasmiylashtirilgan har bir jarima yoki qat’iy ogohlantirish sodir etilishi mumkin bo‘lgan ayanchli hodisaning oldini olishi bilan ahamiyatli. Lekin YPX inspektorining asosiy maqsadi – jarima qo‘llash emas, balki fuqarolarning qoidalarga qat’iy rioya etishi, ularda harakat xavfsizligi madaniyatini yuksaltirish uchun muntazam ravishda tushuntirish ishlarini olib borish. Yo‘llarda harakat xavfsizligini ta’minlash faqatgina YPX inspektorlarining ishi emas. Bunda barcha fuqarolar bir dek mas’ul bo‘lsagina ko‘zlangan maqsadga erishiladi, yo‘l transport hodisalari natijasida insonlar o‘limi kamayadi. Har birimiz qoidalarga rioya etishni burchimiz deb bilsak, yo‘llarimiz xavfsiz, hayotimiz osoyishta bo‘ladi.