Sohada xizmat boshlaganiga ko‘p bo‘lmasada, katta marralarni ko‘zlagan yosh xodimlar talaygina. Ana shunday umidli yoshlardan biri – Yangihayot tumani IIO FMB «Yangi turmush» mahallasi profilaktika inspektori, leytenant Mudassir Muhammadiyev. U 2023-yilda O‘zbekiston Respublikasi Bosh prokuraturasi huzuridagi Huquqni muhofaza qilish akademiyasini muvaffaqiyatli tamomlab, xalqqa xizmat qilish, yurtda tinchlik va barqarorlikni ta’minlashni maqsad qildi.
Yosh inspektor o‘z faoliyatini boshlaganida unga mahalla fuqarolar yig‘ini raisi Nurmat Qurbonov, profilaktika katta inspektori, katta leytenant Jasur Rahmonovlar yo‘lyo‘riq ko‘rsatdi, bilmaganlarini o‘rgatdi. Shuningdek, qolgan yettilik a’zolari bilan ham yaqin hamkorlik o‘rnatib, har bir xonadonga borib, profilaktik suhbatlar o‘tkazishda, muammolarni tinglab, ularni hal etishda bamaslahat ish olib bormoqda.
Shu bilan birga, jinoyat sodir etishga moyil shaxslar, janjalkash fuqarolar bilan doimiy ravishda individual profilaktik suhbatlar tashkil etilayotgani natijasida mahallada huquqbuzarlik va jinoyatchilik holatlari sezilarli darajada kamaydi. Quvonar lisi mahalla joriy yil boshidan buyon «yashil» toifada. Shu vaqtga qadar birorta ham jinoyat sodir etilmadi.
– Mahallamizda 40 ta ko‘p qavatli uy va 100 ta hovli xonadon mavjud bo‘lib, jami 12400 nafar fuqaro istiqomat qiladi, – deydi leytenant M. Muhammadiyev. – Har bir inson o‘zini xavfsiz, oilasi va yaqinlari tinchligidan mamnun holda yashasa, bu – biz bajarayotgan xizmatning eng katta yutug‘i, deb bilaman. Bugungi kunda mamlakatimizda ichki ishlar organlari xodimlarining malakasini oshirishga qaratilgan keng ko‘lamli islohotlar samarasi sifatida ana shunday fidoyi yosh kadrlar yetishib chiqmoqda. Leytenant M.Muhammadiyev kabi sohaga sadoqat bilan xizmat qilayotgan yoshlar yurtimiz osoyishtaligini ta’minlashda o‘z hissasini qo‘shayotgani fikrimizning isboti.