Bektemir tumanidagi I.M. Gubkin nomidagi akademik litseyda zo‘ravonlikning oldini olish, aholining huquqiy ongini oshirish va jamiyatda sog‘lom ijtimoiy muhitni shakllantirishga qaratilgan “Zo‘ravonlik – tubanlikdir” mavzusida ma’naviy-ma’rifiy tadbir bo‘lib o‘tdi.
Tadbir tuman Oila va xotin-qizlar bo‘limi, IIO FMB boshlig‘i, mutasaddi tashkilotlar hamda fuqarolik jamiyati vakillari hamkorligida tashkil etildi.
Tadbirni Bektemir tumani IIO FMB boshlig‘i U. Agzamxodjayev kirish so‘zi bilan ochib berdi. U zo‘ravonlikning har qanday ko‘rinishiga nisbatan murosasiz munosabat bildirish, ayniqsa raqamli zo‘ravonlikning ham turli ko‘rinishlarda uchrayotgani, aholiga o‘z vaqtida yordam ko‘rsatish hamda profilaktika ishlari ahamiyati yuzasidan fikr bildirdi.
Shundan so‘ng zo‘ravonlik mavzusiga oid maxsus videoroliklar namoyish etildi.
Tadbir davomida mutaxassislar tomonidan quyidagi ma’ruzalar tinglandi:
L. Boynazarova, tuman hokimi o‘rinbosari, Oila va xotin-qizlar bo‘limi boshlig‘i — “Zo‘ravonlik holatlarida himoya orderi berish tartibi va tuzatish dasturi” mavzusida ma’ruza qildi.
S. Qayumova, tuman IIBning xotin-qizlar masalalari bo‘yicha inspektori — “O‘zbekistonning zo‘ravonlikka qarshi kurash sohasidagi huquqiy asoslari va javobgarlik masalalari” yuzasidan batafsil ma’lumot berdi.
I. Davlatov, “Inson” ijtimoiy xizmatlar markazi tuman bo‘limi boshlig‘i — “Zo‘ravonlikdan jabrlanganlarga ko‘rsatiladigan reabilitatsiya yordamlarining turlari va ko‘lami” haqida tushuntirish berdi.
Tadbir doirasida zo‘ravonlikning oqibatlari va uni oldini olish g‘oyalarini aks ettiruvchi sahna ko‘rinishi namoyish etildi va yakunda tadbirda faol ishtirok etgan hamda yil davomida tumanda jinoyatchilik va zo‘ravonlikni oldini olishda tashabbus ko‘rsatgan rahbar va mas’ul xodimlarga tashakkurnomalar topshirildi.