25 Oktyabr 2025 Yil 357

Oʻzbekiston Respublikasi ichki ishlar vaziri, general-leytenant A.A.Tashpulatovning 25-oktyabr – Ichki ishlar organlari xodimlari kuni munosabati bilan bayram tabrigi

Ichki ishlar organlarining barcha tizimlarida xizmat qilayotgan xodim va harbiy xizmatchilarni, taʼlim muassasalari professor-oʻqituvchilarini, aziz faxriylarimizni hamda xizmat burchini bajarish chogʻida halok boʻlgan hamkasblarimizning oila aʼzolarini 25-oktyabr – Ichki ishlar organlari xodimlari kuni munosabati bilan samimiy tabriklayman!

Ushbu shonli ayyomda oʻz hayotini el-yurtimiz tinchligi va osoyishtaligini saqlashdek olijanob ishga bagʻishlagan mard hamda sadoqatli, haqiqiy vatanparvar insonlarga oʻzimning samimiy tilaklarimni bildiraman.

Oʻzbekiston Respublikasi Prezidenti Sh.M.Mirziyoyev bayram munosabati bilan Ichki ishlar organlari xodimlari va faxriylariga yoʻllagan bayram tabrigida: “Soʻnggi yillarda

ichki ishlar organlarini chinakam xalqchil tuzilmaga aylantirish borasida amalga oshirayotgan keng koʻlamli islohotlarimiz natijasida mamlakatimizda tinchlik-osoyishtalik muhitini ishonchli taʼminlash boʻyicha

mustahkam zamin yaratildi”, deb alohida taʼkidladilar.

Darhaqiqat, soʻnggi 9-yil mobaynida Davlatimiz rahbarining bevosita tashabbuslari bilan ichki ishlar organlari tubdan isloh qilindi. Xodimlarni moddiy va maʼnaviy qoʻllab-quvvatlash, zamonaviy ish sharoitlari va zarur texnik vositalar bilan taʼminlash tizimli ravishda olib borilmoqda.

Amalga oshirilgan keng koʻlamli chora-tadbirlar natijasida Yangi Oʻzbekistonning yangi ichki ishlar organlari xodimlari zamonaviy bilimlarni puxta egallagan,

har qanday xavf-xatarga qarshi matonat bilan kurashishga tayyor, xalqimizning chin maʼnodagi himoyachilariga aylanmoqda.

Davlatimiz rahbarining tabriklarida mahallalarda xavfsiz muhit yaratish orqali xalqimiz osoyishtaligini taʼminlashga qaratilgan harakatlarni izchil davom ettirish, giyohvandlik bilan bogʻliq jinoyatlarga qarshi kurash boʻyicha tezkor-profilaktik tadbirlarni kuchaytirish, ichki ishlar organlarida sunʼiy intellekt va raqamli texnologiyalar imkoniyatlaridan keng foydalanish kabi masalalar kelgusi faoliyatimizning ustuvor yoʻnalishlari sifatida belgilab berildi.

Ishonamanki, oʻz kasbiga sadoqatli, fidoyi xodimlarimiz zimmasiga yuklatilgan masʼuliyatli vazifalarni chuqur his etgan holda, kunu tun oʻz burchlarini vijdonan bajarib xalqimiz va Davlatimiz rahbarining ishonchini oqlaydilar.

Fursatdan foydalanib, barchangizni kasb bayrami bilan

yana bir bor tabriklab, sizlarga sihat-salomatlik, oilangizga tinchlik-totuvlik, fayzu baraka, kelgusi xizmat faoliyatingizda muvaffaqiyatlar tilayman!

Hamisha yurtimiz tinch, osmonimiz musaffo boʻlsin!

Oʻzbekiston Respublikasi Ichki ishlar vaziri
general-leytenant A. Tashpulatov

Barcha yangiliklar

Text to speech