O‘zbekiston aralash jang san’atlari assotsiatsiyasining Toshkent shahar bo‘limi raisi saylandi
O‘zbekiston Respublikasi IIV ga qarashli “JAR” sport-sog‘lomlashtirish markazida O‘zbekiston Aralash jang san’atlari assotsiatsiyasining navbatdan tashqari ta’sis yig‘ilishi bo‘lib o‘tdi. Unda Aralash jang san’ati assotsiatsiyasining rahbariyati, Toshkent shahar IIBB boshlig‘i va mas’ullar, Adliya va sport sohasi rahbarlari, mutaxassislar, murabbiylar hamda sportchilar ishtirok etdilar.
Mazkur tadbirda Assotsiatsiyaning Toshkent shahar bo‘limi raisi, uning o‘rinbosarlari, ijrochi direktor va bosh kotibi, sport direktorlarini saylash marosimi ham bo‘lib o‘tdi. O‘zbekiston aralash jang san’atlari assotsiatsiyasining Toshkent shahar bo‘limi raisi lavozimiga Toshkent shahar IIBB boshlig‘i polkovnik Ravshan Sultanxodjayev bir ovozdan saylandi. Farxod Xasanov – Toshkent shahar Aralash jang san’atlari assotsiatsiyasi raisiga birinchi o‘rinbosar, Farrux Abduraimov – rais o‘rinbosari, Sirojiddin Berdikulov – ijrochi direktor va Bosh kotib etib saylandi. Bekmurodov Esonmurod va Jumabayev Musurmon sport direktorlari lavozimiga saylandi.
Konferensiya ishtirokchilari saylangan rahbarlarni tabriklab, kelgusi faoliyatlariga omad tiladilar.
Shundan so‘ng ishtirokchilar tomonidan mas’ullarga murojaatlar yo‘llandi, muammolar va takliflar berilib, ularga yechim topish yuzasidan muhokama o‘tkazildi. Uchrashuv yakuniga ko‘ra Toshkent shahar terma jamoasini shakllantirish, Toshkent shahar IIBB boshlig‘i kubogi musobaqasini o‘tkazish, Murabbiylarning KPI tizimini shakllantirish va yuqori natijalarga erishganlarni rag‘batlantirish tizimini yo‘lga qo‘yish, dekabr oyida aralash jang san’atlari bo‘yicha Toshkent shahar kubogini o‘tkazish yuzasidan takliflar ma’qullandi.
Tadbirdan so‘ng poytaxt IIBB boshlig‘i R.Sultanxodjayev “JAR” sport-sog‘lomlashtirish majmuasida aralash jang san’atlari sport turi bilan shug‘ullanish uchun yaratilgan sharoitlar, sport zallari bilan tanishdi.