Davlatimiz rahbarining xalqimiz ayniqsa, yoshlar o‘rtasida sportni ommalashtirishga qaratilgan qator meʼyoriy hujjatlari asosida O‘zbekiston Respublikasi Ichki ishlar vazirligi tomonidan xodimlarning jismoniy tayyorgarligiga katta ahamiyat berilmoqda. Shu jumladan poytaxt IIBB shaxsiy tarkibining jismoniy tayyorgarligini muntazam oshirib borish rahbariyat eʼtiborida. Buning uchun barcha zaruriy shart-sharoitlar yaratilgan. Quvonarlisi, xodimlar orasida professional sport bilan shug‘ullanishni maqsad qilgan, jahon sport maydonlarida yurtimiz, ichki ishlar organlari xodimi sharafini munosib himoya qilib kelayotgan xodimlarimiz talaygina. Xususan, joriy yilning 9-11 may kunlari Qozog‘iston respublikasi poytaxti Astana shahrida Xalqaro dzyudo federatsiyasi tomonidan sportning dzyudo turi bo‘yicha “Katta dubulg‘a” sovrini uchun (Grand slam) musobaqa o‘tkazildi. Unda dunyoning turli mamlakatlaridan kelgan 200 nafarga yaqin tanilgan sportchilar o‘z mahoratlarini ishga solib, birinchilik uchun murosasiz kurash olib borishdi. Mazkur musobaqada yurtimiz sharafini 66 kg vazn toifasida Toshkent shahar IIBB Tezkor vazifalarni bajaruvchi safarbarlik batalyoni xodimi Muhriddin Tilovov munosib himoya qilib, o‘zining jismoniy tayyorgarligi va yuksak professional darajadagi mahoratini namoyish etdi. U chorak finalda ishonchli g‘alabaga erishib, final bosqichida xitoylik tajribali raqibi Ziyang Syue bilan maydonga tushdi. Qizg‘in va keskin kechgan bahsda Muhriddin raqibini mag‘lub etib, faxrli uchinchi o‘rinni egalladi. Ushbu g‘alaba nafaqat sportchimizning shaxsiy g‘alabasi, balki ichki ishlar organlarida sport sohasida amalga oshirilayotgan izchil islohotlar va xodimlarga yaratilayotgan imkoniyatlarning amaliy natijasi sifatida eʼtirof etishga loyiqdir. Hamkasbimiz Muhriddinni g‘alaba bilan tabriklab, kelgusi bellashuvlarida zafarlar tilab qolamiz.