29 Oktyabr 2025 Yil 265

Tergov amaliyotidan. Yomonga yondoshsang...

Farhod Jahongir bilan jazoni o‘tash chog‘ida tanishgan. Ikkisi ham firibgarlik jinoyati uchun sudning qora kursisida o‘tirishiga to‘g‘ri kelgan. Odamlar yaxshilikliklar, ezgu-savob ishlar haqida suhbatlashsalar, bu ikki hamtovoqlar o‘zgalarni qanday laqillatganligini aytib maqtanishdan bo‘shamasdilar. Ikkisi ham ahloq tuzatish ishlari jazosini o‘tab, ozodlikka chiqishdi. O‘zgalarga firib berishning xadisini olgan ikkovlon eski hunarlarini davom ettirish bo‘yicha reja tuza boshladilar. Ular o‘z yaqinlariga tegishli bo‘lgan avtomashinadan foydalanib, jinoiy rejalarini amalga oshirishga kelishishdi. Tanish-bilishlarini ishga solib avtomashina sotib olish niyatida bo‘lganlar bor-yo‘qligi bilan qiziqishdi. Ularning to‘riga K.Maʼrufjon ilindi. Unga avtomashina o‘zlariniki ekanligiga ishontirib, avvaliga 15.000 AQSH dollarini qurtdek sanab olishdi. Avtomashinani rasmiylashtirishga kelganida turli bahonalarni ro‘kach qilib, oradan bir yilni o‘tkazib yuborishdi. Kuta-kuta toqati toq bo‘lgan Maʼrufjonning ichki ishlar organlariga murojaat qilish haqidagi gapidan so‘ng vaʼda qilingan Gentra o‘rniga avtosalondan yangi Nexia-3 avtomashinasi olib berishga ko‘ndirishdi. Shu zaylda hamtovoqlar 2022 yilning mart oyidan 2024 yilning aprel oyiga qadar sodda K.Maʼrufjondan bo‘lib-bo‘lib jami 34.000 AQSH dollarini olib, o‘z ehtiyojlariga ishlatib yuborishadi. Avtomashinali bo‘lishni orzu qilgan Maʼrufjon quyuq vaʼdalardan sabr kosasi to‘lgach, ichki ishlar organlariga murojaat qilishga majbur bo‘ldi.

Jinoyat ishlari bo‘yicha Shayxontohur tuman sudi ochiq sud majlisida 1984 yilda tug‘ilgan, maʼlumoti o‘rta, muqaddam firibgarlik jinoyati uchun ikki marta sudlangan M.Farhodni O‘zbekiston Respublikasi Jinoyat kodeksining 168-moddasi 4-qismi “a” bandi (“Firibgarlik”) bilan aybli deb topdi. Uning aybiga to‘liq iqrorligi, qilmishidan pushaymonligi, yetkazilgan zararni qoplaganligi, jabrlanuvchining daʼvosi yo‘qligi inobatga olinib, bazaviy hisoblash miqdorining 400 baravari miqdorida jarima jazosi tayinladi.

Sud uning jinoiy sherigi – 1988 yilda tug‘ilgan, maʼlumoti oliy, muqaddam firibgarlik jinoyati uchun sudlangan K.Jahongirning jinoiy harakatlariga qonunan baho berib, uni O‘zbekiston Respublikasi Jinoyat kodeksining 168-moddasi 4-qismi “a” bandi (“Firibgarlik”) bilan aybli deb topdi. U ish haqining 10 foizi miqdorini davlat daromadi hisobiga ushlab qolgan holda 2 yil muddatga axloq tuzatish ishlari jazosiga hukm qilindi.

Mazkur jinoyat ishi tafsilotlari Shayxontohur tumani IIO FMB huzuridagi Tergov bo‘limi tergovchisi, kapitan Sardorbek Rustamovning ish yurituvidan olindi.

Barcha yangiliklar

Text to speech