Yashnobod tumanida ochiq muloqot va probatsiya hisobidagi shaxslar bilan sayyor sud o‘tkazildi
Prezidentimiz tomonidan joriy yil boshida respublika mahallalarida xavfsiz muhitni yaratish va huquqbuzarliklarning barvaqt oldini olishga qaratilgan qarorining qabul qilinishi poytaxt hududida bu borada amalga oshirilayotgan ishlarga o‘zgacha tus berdi. Toshkent shahrida o‘tkazilgan “Xavfsiz va sog‘lom yurt” keng qamrovli tezkor profilaktik tadbirlar oyligining samaradorligi hamda yuqori ko‘rsatkichliligi qarorning mazmun-mohiyati chuqur o‘rganilib, ijrosini taʼminlashga qaratilgan kuch va vositalar aniq va to‘g‘ri jalb qilinganligini namoyon etdi. Tahlillar poytaxtimiz hududida jinoyat va huquqbuzarliklarning sezilarli darajada kamaygani, kriminogen vaziyatning barqarorlashganini ko‘rsatdi. Oylik doirasida erishilgan ijobiy natijalardan kelib chiqib, “Xavfsiz va sog‘lom yurt” tadbirining ikkinchi bosqichi shu yilning 15 iyulidan 15 avgustga qadar davom ettirilmoqda. Oylik doirasida poytaxt IIBB sohaviy xizmatlari, huquqni muhofaza qiluvchi organlar va mutasaddi tashkilotlar masʼullari tomonidan aholi bilan ochiq muloqotlar, suhbatlar o‘tkazish, ularning muammo va murojaatlarini o‘rganib hamkorlikda hal etish kabilar qatorida sodir etilgan jinoyat va huquqbuzarliklarning mahallalarda jamoa o‘rtasida muhokama qilinishi, jamoaviy taʼsir choralarini ko‘rish kabi tadbirlar ham o‘z samarasini berayotganini taʼkidlash lozim.
Xuddi shunday tadbirlarning biri Yashnobod tumani «Dilbog‘“ mahallasida joylashgan 61-sonli umumtaʼlim maktabi majlislar zalida o‘tkazildi. Sayyor sud majlisida Jinoyat ishlari bo‘yicha Yashnobod tuman sudining raisi B.Alimov, tuman sudi sudʼyalari: J.Ubaydullayev, E.Axbutayev va tuman hokimining o‘rinbosari A.Hasanov, hamda Probatsiya nazoratida ro‘yxatda turuvchi yoshlar ishtirok etishdi. Uchrashuvda yoshlarning muammolari o‘rganilib, murojaatlari tinglandi. Har bir murojaat va vajlarni hal etish borasida huquqiy tavsiyalar va yo‘l-yo‘riqlar berildi. Shuningdek, yoshlar o‘zlarini qiynab kelayotgan, o‘ylantirayotgan ko‘plab savollariga huquqiy javoblar oldilar. Sayyor sud muhokamasida ozodlikdan mahrum qilish bilan bog‘liq bo‘lmagan jazolarga hukm qilingan, ammo qilmishlaridan o‘zlariga tegishli xulosa chiqarish orqali namunali tarzda jazo o‘tab kelayotgan, mehnatga halol munosabatda bo‘lib, axloqan tuzalish yo‘liga o‘tgan 10 nafar shaxslar tuman IIO FMB Probatsiya bo‘limi taqdimnomasiga asosan, O‘zbekiston Respublikasi Jinoyat kodeksining 73-moddasiga ko‘ra, o‘talmagan jazo muddatidan ilgari shartli ravshishda ozod qilingani ularning yaqinlari tomonidan mamnuniyat bilan qabul qilindi. Shuningdek, mutasaddilar yoshlarga yaratilayotgan imkoniyatlar, shart-sharoitlar va berilayotgan imtiyozlar haqida maʼlumotlar berib, ulardan o‘z hayotlarini izga solish, baxtli kelajaklarini yaratishda to‘g‘ri foydalanish lozimligini taʼkidlab o‘tishdi. Xususan, Yoshlar agentligi, mahalla fuqarolar yig‘inlarida faoliyat yurituvchi Yoshlar yetakchilari va boshqa mutasaddilarga bu borada har tomonlama hamkorlikni amalga oshirish lozimligiga urg‘u berildi.