3 Noyabr 2025 Yil 313

Tergov amaliyotidan. Xudbinlik va manmanlikning oxiri voy

Ayrimlar o‘zlarini boshqalardan ustun qo‘yib, birinchi navbatda o‘z ehtiyojlarini qondirgisi, jamoat tartib-qoidalariga bepisandlik va ochiqcha mensimaslik yo‘lini tutishadi. Bu o‘zgalarning haqli eʼtirozi va nizolar kelib chiqishiga turtki bo‘lishi turgan gap. 2024 yilning 1 fevrali soat 08.30 larda Humoyun Lacetti avtomashinasiga yonilg‘i quyish uchun gaz to‘ldirish shaxobchasiga kirdi. Biroq shuncha navbatda turgan haydovchilarning hay-haylashiga qaramay navbatsiz olishga urindi. Uning bu harakati navbati yaqinlashib qolay degan Agzamjonni eʼtiroziga sabab bo‘ldi. Humoyun esa manmanligini qo‘ymay, ularga surbetlarcha javob qaytargani hammasidan oshib tushdi. Agzamjon uning yo‘lini to‘sdi. Ikki o‘rtada janjal chiqdi. Har qayerda surbetligi va qo‘pol muomalasi bilan yutib kelayotgan Humoyun “e” yo‘q, “be” yo‘q Agzamjonning avval yuziga, so‘ng duch kelgan joyiga musht tushira boshladi. O‘rtada mushtlashuv boshlandi. Humoyun oyoqlarini ham ishga soldi. Atrofdagilar arang ularni ajratib qo‘yishdi. Ko‘pchilik uning xatti-harakatidan norozi va g‘azabda bo‘lganini anglagan Humoyun voqea joyidan juftakni rostladi. Sud-tibbiy ekspertizasi Agzamjonga hayoti uchun xavfli bo‘lgan tan jarohatlari yetkazilgani haqida xulosa berdi.

Jinoyat ishlari bo‘yicha Bektemir tuman sudi ochiq sud majlisida 1995 yilda tug‘ilgan, maʼlumoti o‘rta, oilali bo‘lgan S.Humoyunning jinoiy qilmishini qonunan ko‘rib chiqib, uni O‘zbekiston Respublikasi Jinoyat kodeksining 104-moddasi 2-qismi “ye” bandi (“Qasddan badanga og‘ir shikast yetkazish”) bilan aybli deb topdi. Sud Jinoyat kodeksining 57-moddasini qo‘llab, aybdorni 5 yilga ozodlikni cheklash jazosiga hukm qildi.

Ushbu jinoyat ishi tafsilotlari Bektemir tumani IIO FMB huzuridagi Tergov bo‘limi tergovchisi, kapitan Asliddin Nurullayevning ish yurituvidan olindi.

Barcha yangiliklar

Text to speech