17 Iyul 2025 Yil 1140

"Xavfsiz va sog‘lom yurt" oyligining ikkinchi bosqichi o‘tkazilmoqda

Maʼlumki, joriy yil boshidan Prezidentimizning “Respublika mahallalarida xavfsiz muhitni yaratish va huquqbuzarliklarni barvaqt oldini olish tizimi samaradorligini yana-da oshirish bo‘yicha chora-tadbirlar to‘g‘risida”gi Qarori qabul qilingan edi. Mazkur qaror ijrosini to‘liq va samarali taʼminlash maqsadida, poytaxtimiz IIBB tomonidan huquqni muhofaza qiluvchi idoralar bilan hamkorlikda dastlab 15 yanvardan 15 fevralgacha “Xavfsiz va sog‘lom yurt” keng qamrovli tezkor-profilaktik tadbirlar oyligi o‘tkazildi. Mazkur oylik davomida amalga oshirilgan ishlar sarhisobiga ko‘ra kriminogen vaziyatning nisbatan barqarorlashgani, jinoyatlarning barvaqt oldi olinishi tufayli ularning soni sezilarli darajada kamaygani qayd etildi. Poytaxt ijobiy tajribasini respublika bo‘ylab joriy etish maqsadida, shu yilning 15 aprelidan 15 mayiga qadar “Xavfsiz va sog‘lom yurt” tezkor profilaktik oyligi yurtimiz bo‘ylab olib borildi.

Mazkur oylik natijalariga ko‘ra poytaxtdagi mavjud 585 ta mahallaning 358 tasida kriminogen vaziyat barqarorlashib, 164 tasida bironta jinoyat sodir etilishiga yo‘l qo‘yilmadi. So‘nggi uch yilda “qizil” toifada bo‘lgan 53 ta mahalladan 36 tasida kriminogen vaziyat barqarorlashib, firibgarlik jinoyatlari uch baravarga, oila turmush doirasidagi hamda o‘g‘irlik jinoyatlari ikki baravarga kamaydi. Natijada “qizil” toifadagi 43 ta mahalladan 10 tasi “yashil”, 16 tasi “sariq” toifaga o‘tkazilishiga erishildi. Bundan tashqari “qizil” toifadagi mahallalar rahbarlarga biriktirilib, bu hududlarda profilaktik-tushuntirish, yakka tartibdagi suhbatlar o‘tkazish kuchaytirildi. Ayollar va o‘smirlar ishtirokida sodir etilayotgan jinoyatlar ilmiy yondashuv asosida o‘rganilib, maxsus tuzilgan rejalar bo‘yicha ishlar tashkillashtirildi. Jinoyat sodir etishga moyil yoshlar soha rahbarlariga biriktirilib, maktablarda faoliyat yuritayotgan inspektor-psixologlarning ishlari kuchaytirildi.

Oylikning natijakorligi hamda jinoyatchilikning oldini olish, kriminogen vaziyatni moʻtadillashtirishdagi ijobiy ko‘rsatkichlar eʼtiborga olinib, joriy yilning 15 iyulidan 15 avgustiga qadar "Xavfsiz va sog‘lom yurt” oyligining ikkinchi bosqichiga start berildi.

Shahrimizdagi “Bunyodkor” stadionida IIV masʼullari, Toshkent shahar IIBB, Prokuratura, Milliy gvardiya rahbariyati va shaxsiy tarkib bilan yo‘riqnoma o‘tkazildi. Yo‘riqnomada amalga oshirib kelinayotgan oylikning birinchi bosqichidagi ijobiy ko‘rsatkichlari eʼtirof etilib, navbatdagi tadbirda amalga oshirilishi belgilangan chora-tadbirlarga urg‘u berildi. Tadbir davomida, shuningdek, yuqoridagi ijobiy ko‘rsatkichlarga erishishda sidqidildan, vijdonan xizmat vazifalarini bajargan bir guruh xodimlar munosib rag‘batlantirildi.

Shu o‘rinda aziz hamshaharlar va poytaxtimiz mehmonlariga murojaat qilib, “Xavfsiz va sog‘lom yurt” oyligining ikkinchi bosqichida ham faol ishtirok etishlarini, har bir huquqbuzarliklar, jamiyatimizga zid xatti-harakatlar, qonunbuzilishlarga befarq, loqayd bo‘lmasliklarini, har qanday salbiy holat bo‘yicha ichki ishlar organlariga kechikmay xabar berishlarini so‘rab qolamiz. Unutmang, uyingizdagi, mahallangizdagi, poytaxtimizdagi tinchlik-osoyishtalik – yurtimizdagi tinchlik-osoyishtalikdir. Jinoyatchilik va huquqbuzarliklarga qarshi birgalikda kurashaylik.

Barcha yangiliklar

Text to speech