Oramizda uyali telefonlar ishqibozlari juda ko‘p. Har gal yangi rusumi chiqqanida narxi qancha bo‘lishidan qatʼiy nazar uni sotib olishadi. Hatto buning uchun xorijga borib kelishdan ham erinmaydi. Sanjar ana shunday uyali telefon ishqibozlari ortidan mo‘may daromad ishlab olishni niyat qilib, ko‘pdan buyon oldi-berdi qilib, ishonchli mijozga aylangan telefonlar savdosi bilan shug‘ullanib kelayotgan tanishi Boburning do‘koniga kirib keldi. Telefonlar sotuvidan o‘zi ham ulush olib manfaatdor bo‘lgan Bobur bu gal ham shubha-gumonga bormay unga so‘ragan mollarini muhayyo qildi. Sanjar 2024 yilning 14 may kuni uning do‘konidan 36.725 AQSH dollarilik 30 dona “iPhone 15 Pro Max” telefon apparatlarini muddatli to‘lov asnosida olib ketdi. Vaʼdasi bo‘yicha bir oy ichida pullarni keltirib berishi kerak bo‘lgan Sanjar tanishiga bergan vaʼdasi, ishonchini suiisteʼmol qilayotganidan zarracha pushaymon bo‘lmay, sotuvdan tushgan pullarni o‘z ehtiyojlariga ishlatib yuboradi. Ulushi u yoqda tursin hatto telefonlarning o‘z narxidagi pullarini ham ololmagan Bobur Shayxontohur tumani ichki ishlar organlari faoliyatini muvofiqlashtirish boshqarmasiga arziza bilan murojaat qilishga majbur bo‘ladi. Tergov jarayonida Sajarning jinoiy qilmishini isbotlash uchun yetarlicha dalillar to‘plandi va jinoyat ishi qonuniy baho berish uchun sudga taqdim etildi.
Jinoyat ishlari bo‘yicha Shayxontohur tuman sudi ochiq sud majlisida 1995 yilda tug‘ilgan, maʼlumoti o‘rta, ikki nafar farzandning otasi bo‘lmish M.Sanjarning qilmishlarini qonunan ko‘rib chiqib, uni O‘zbekiston Respublikasi Jinoyat kodeksining168-moddasi 4 qismi “a” bandi (“Firibgarlik”) bilan aybdor deb topdi. Sud ayblanuvchining pushaymonligi, aybiga to‘liq iqrorligi, muqaddam sudlanmaganligi, yetkazilgan zararni qoplaganligi, jabrlanuvchining daʼvosi yo‘qligi, oilaviy sharoitini inobatga olib, Jinoyat kodeksining 57 prim.2-moddasi tartibida bazaviy hisoblash miqdorining 30 baravari, yaʼni 11.250.000 so‘m jarima jazosi tayinladi.
Mazkur jinoyat ishi Shayxontohur tumani IIO FMB huzuridagi Tergov bo‘limi tergovchisi, katta leytenant Mirshoid Mirobidovning ish yurituvidan olindi.