Aholi murojaatlarini oʻrganish, huquqiy va ijtimoiy muammolarini hal etish hamda qonuniy manfaatlarini taʼminlash maqsadida Ichki ishlar vazirligi hamda uning hududiy organlari tizimida navbatdagi qabullar oʻtkazildi
Davlat rahbari tomonidan belgilangan ustuvor vazifalarga muvofiq, aholi bilan ochiq muloqotni tashkil etish – davlat organlari faoliyatining bosh mezoniga aylangan.
Shu munosabat bilan, joriy yilning 2-noyabr kuni Ichki ishlar vazirligi masʼullari tomonidan fuqarolar bilan yuzma-yuz muloqot oʻtkazilib, ular tomonidan bildirilgan murojaatlar atroflicha oʻrganildi.
Tadbir doirasida ichki ishlar organlari faoliyatiga doir turli yoʻnalishlardagi jami 427 ta murojaat qabul qilindi. Murojaatlarni koʻrib chiqishda fuqarolarning real ehtiyoj va talablarini chuqur tahlil qilish, ularning yillar davomida yigʻilib qolgan muammolarini aniqlash va tizimli hal etishga alohida urgʻu berildi.
Qabul qilingan murojaatlardan 205 tasi(48 foizi) tegishli huquqiy asoslar bilan ijobiy hal etildi. Qolgan 222 ta murojaat (52 foizi) boʻyicha kompleks oʻrganishlar talab etilishi tufayli ijrosini nazoratga olish va yechimini taʼminlash boʻyicha masʼullarga vazifalar yuklatildi.
Shuningdek, Qoraqalpogʻiston Respublikasi Ichki ishlar vazirligi, Toshkent shahri va Toshkent viloyati ichki ishlar bosh boshqarmalari hamda viloyatlar ichki ishlar boshqarmalari rahbarlari tomonidan fuqarolar bilan oʻtkazilgan shaxsiy qabullar davomida jami 310ta murojaatlar qabul qilingan boʻlib, ulardan 108 tasi (35 foizi) tadbir jarayonida ijobiy hal etildi.
Qoʻshimcha oʻrganishni talab qilgan 202 ta murojaatlar (65 foizi) ijrosi nazoratga olindi.
Ichki ishlar organlarining barcha darajadagi rahbarlari tomonidan shaxsiy va sayyor qabullar oʻtkazish hamda murojaatlarni tizimli ravishda koʻrib chiqish amaliyoti hududlarda davom etmoqda.