Toshkent shahar Ichki ishlar bosh boshqarmasida maʼnaviy-maʼrifiy tadbir bo‘lib o‘tdi
Toshkent shahar IIBB shaxsiy tarkibi bilan o‘tkazilgan navbatdagi Maʼnaviyat va maʼrifat darsi “Yurtim tarixini o‘rganaman” mavzusiga bag‘ishlandi. Tadbirda Jahon iqtisodiyoti va diplomatiya universiteti vakili Maqsudjon Mansurov maʼruza qildi. U o‘z nutqida, mamlakatimizdagi asrlar yukini ko‘tarib kelayotgan mavjud tarixiy obidalar, muqaddas qadamjolar barchamizning g‘ururimiz, ular bizga ajdodlardan qolgan buyuk merosligini, ularni asrab-avaylab, kelajak avlodlarga bus-butun yetkazish barchamiz uchun muhim vazifa ekanligini taʼkidlab o‘tdi.
Navbatdagi maʼruza O‘zbekiston Respublikasi Prezidentining 2025 yil 30 aprel kunidagi “Axborot texnologiyalari yordamida sodir etiladigan jinoyatlarga qarshi kurashish faoliyatini yanada kuchaytirishga qaratilgan chora-tadbirlar to‘g‘risida”gi PQ-153 va “Ichki ishlar organlari tizimini raqamli transformatsiya qilish bo‘yicha kompleks chora-tadbirlar to‘g‘risida”gi PQ-155-son Qarorlarining mazmun-mohiyatiga bag‘ishlangan bo‘lib, uni Toshkent shahar IIBB Tashkiliy boshqarma Yuridik taʼminlash bo‘limi katta yuriskonsulti Kamola Baltaxodjayeva yoritib berdi. Shuningdek, yig‘ilish ishtirokchilarga “Tahlilnoma” axborot dasturi namoyish etildi.
Tadbir yakunida Toshkent shahar IIBB tarkibiy tuzilma va hududiy bo‘linmalari terma jamoalari o‘rtasida o‘tkazilgan “O‘q otish” musobaqasida faol qatnashib, g‘oliblik hamda faxrli o‘rinlarni qo‘lga kiritgan xodimlarni taqdirlash marosimi bo‘lib o‘tdi.