23 Aprel 2025 Yil 855

O‘quv dargohlarida profilaktik tadbirlar

Poytaxtimizda jinoyatchilikka qarshi kurash, huquqbuzarliklarning oldini olishda aholi keng qatlamlarining ishtirokini ta’minlash, faolligini oshirish borasida qator amaliy ishlar olib borilmoqda. Joriy yilning 15 aprelidan yurtimiz bo‘ylab “Xavfsiz va sog‘lom yurt” keng qamrovli tezkor-profilaktik tadbirlar oyligining o‘tkazilishi ana shu ishlarning uzviy davomidir. Oylik doirasidagi navbatdagi tadbir poytaxtning Yunusobod tumani 239-umumta’lim maktabida “Biz yoshlar - giyohvandlikka qarshimiz” mavzusida bo‘lib o‘tdi. Uchrashuvda qatnashgan mas’ullar giyohvandlik va psixotrop moddalar, kuchli ta’sir qiluvchi dori vositalarining inson salomatligiga zararli ta’siri, uning mudhish oqibatlari haqida ma’lumotlar berib, ularning isboti tariqasida tayyorlangan videolavhalarni namoyish etishdi. Shuningdek, bu kabi zahri qotilni tayyorlash, olish, saqlash, iste’mol qilish, tarqatish holatlariga Respublikamiz qonunchiligida qattiq jazo belgilangani ta’kidlab o‘tildi. Xuddi shunday tadbir O‘zbekiston Respublikasi Huquqni muhofaza qilish akademiyasida Akademiya ma’muriyati mas’ullari bilan hamkorlikda talabalar bilan Iqtisodiyot universiteti Moliya fakultetining talabalari bilan ham o‘tkazildi. Suhbat davomida yoshlarning huquqiy bilimlariini oshirish, sog‘lom turmush tarziga rioya etish va jamiyatda sog‘lom fikrli va komil insonlar bo‘lib shakllanishi bo‘yicha muhim tavsiyalar berildi. O‘zbekiston jurnalistika va ommaviy kommunikatsiyalar universitetida, Muhammad al-Xorazmiy nomidagi Toshkent axborot texnologiyalari universitetida giyohvandlikka qarshi kurashga qaratilgan profilaktik-tushuntirish tadbirlari “Giyohvandlik – asr vabosi” mavzusida o‘tkazildi. Unda universitetlar ma’muriyati, mas’ullar ishtirok etishdi. O‘tkazilgan profilaktik tadbirlarda giyohvandlikning halokatli oqibatlari, unga qarshi kurash barobarida, hozirgi paytda keng tarqalib borayotgan ijtimoiy tarmoqlardagi qadriyatlarimizga yot, buzg‘unchi g‘oyalardan saqlanish, g‘araz niyatli kimsalarning to‘riga ilinmaslik, kibertahdidlar, kiberjinoyatlar qurboniga aylanib qolmaslik bo‘yicha ham tushuntirish va ogohlantirishlar, tavsiyalar berildi. O‘quv yurtlarida o‘tkazilgan jinoyatchilikka qarshi kurash, huquqbuzarliklarning oldini olishga bag‘ishlangan tadbirlarda talabalarning bu jinoyatlarga qarshi fikrlari va mulohazalariga ham keng o‘rin berildi. Shuningdek, ular o‘zlarini qiziqtirgan savollariga batafsil javoblar olishdi. Giyohvandlik va jinoyatlarning barcha turlariga qarshi kurash borasida tashkil etilayotgan uchrashuv, suhbat va profilaktik-tushuntirish ishlari poytaxtning barcha oliy hamda o‘rta bilim dargohlari, mahalla va tashkilotlarda ham izchil olib borilmoqda.

Barcha yangiliklar

Text to speech