21 Mart 2026 Yil 136

Hurmatli hamkasblar, muhtaram ichki ishlar organlari faxriylari, aziz hamshaharlar va poytaxtimiz mehmonlari!

Sizlarni Toshkent shahar Ichki ishlar bosh boshqarmasi rahbariyati va shaxsiy tarkibi nomidan uyg‘onish, yangilanish, go‘zallik va nafosat ramzi bo‘lmish ulug‘ ayyom — Navro‘z bayrami bilan samimiy muborakbod etaman.
Bahorgi tengkunlik — Navro‘z azal-azaldan xalqimizning ezgu orzu-intilishlarini o‘zida mujassam etgan, tinchlik-osoyishtalik, qardoshlik va birodarlik, mehr-oqibat va muruvvat, saxovat va bag‘rikenglik, o‘zaro hurmat va hamjihatlik kabi umuminsoniy qadriyatlarni ulug‘lovchi qutlug‘ bayramdir. Darhaqiqat, tinch va osuda yurtga bayramlar yarashadi.
Yurtimizda hukm surayotgan ana shunday tinchlik va barqarorlikni ta’minlash yo‘lida davlatimiz rahbari tashabbusi bilan ichki ishlar organlarida ham keng ko‘lamli islohotlar amalga oshirilmoqda. Bu esa xodimlarning yanada shijoat va sadoqat bilan ishlashiga xizmat qilmoqda.
Aziz yurtdoshlar!
Mana shu qutlug‘ ayyom arafasida barchangizga mustahkam sog‘liq, baxtu saodat, oilalaringizga totuvlik va farovonlik, xonadonlaringizga fayzu baraka tilayman. Osmonimiz musaffo, yurtimiz tinch va obod bo‘lsin!
Jonajon Vatanimiz ravnaqi va xalqimiz farovonligi yo‘lida olib borayotgan barcha ezgu ishlarimizga omad va zafarlar hamisha yor bo‘lsin!

Toshkent shahar Ichki ishlar bosh boshqarmasi
boshlig‘i, polkovnik Ravshan Sultanxodjayev

Barcha yangiliklar

Text to speech