24 Oktyabr 2025 Yil 380

ULAR VAQTNI EMAS, BURCHNI TANLAYDI

Safdor Nurbek Xolsaidov yetti yildan buyon sohada xizmat qilib kelmoqda. U hushyorligi va shijoati bilan joriy yilning o‘tgan davri mobaynida o‘tkir tig‘li jism olib yurgan fuqarolardan hayot uchun xavfli bo‘lgan 16 ta xavfli buyumni rasmiylashtirib olgan. Jamoat joyida spirtli ichimlik iste’mol qilgan 10 nafar fuqaroni hushyorxonaga joylashtirgan. Shuningdek, qarovsiz qolgan 3 nafar voyaga yetmaganni Toshkent shahar IIBB HPBga qarashli voyaga yetmaganlarga ijtimoiy-huquqiy yordam ko‘rsatish markaziga olib borgan. Safdor Nodir Qoraboyevning tizimda faoliyat boshlaganiga 17 yildan oshdi. Xizmatda namuna ko‘rsatib, yil boshidan buyon 68 ta xavfli o‘tkir tig‘li jism aniqlab, huquqbuzarlarni tuman IIOFMBga qonuniy chora ko‘rish uchun topshirgan. Ikki nafar qidiruvdagi shaxsni qo‘lga olgan. – Vazifamiz – eng avvalo, biror-bir xavf-xatarni oldindan ko‘ra bilish va o‘z vaqtida bartaraf etish, – deydi safdor N. Qoraboyev.

Fuqarolar bizga o‘z xavfsizligini ishonib topshirdimi, demak bu ishonchni oqlashimiz lozim. Safdor Melis Burkutbayevning sohada xizmat qilayotganiga qariyb 20 yil bo‘lyapti. U ham xizmat faoliyati davomida ko‘plab huquqbuzarliklarning barvaqt oldini olishga va sodir etilganlarini o‘z vaqtida aniqlashga muvaffaq bo‘lgan. Tajribali xodim, shuningdek, 4 ta jinoyatni «issiq izidan» fosh etishda jonbozlik ko‘rsatgan. Bir safar safdorlar Nurbek Xolsaidov hamda Nodir Qoraboyev tungi vaqtda o‘zlariga biriktirilgan hudud – jamoat joyida xizmat vazifasini o‘tab yurganida, shubhali ko‘ringan shaxsni to‘xtatishadi. Uning yonida xavfli jism – pichoq borligi ma’lum bo‘ladi. O‘z vaqtida fuqarodan olingan o‘tkir tig‘li buyum hujjatlashtirilib, tuman IIOFMBga topshiriladi. Agar xodimlar hushyorlik qilishmaganida, ehtimol haligi shaxs boshqa fuqarolar xavfsizligiga jiddiy tahdid solgan bo‘lardi. Bu – shunchaki oddiy patrullik emas, balki mas’uliyat, e’tibor va burchga sadoqat hissining yaqqol namunasidir. Uch nafar oddiy safdor xodimning xizmatidan ayrim lavhalar orqali butun bir otryadning faoliyatiga chizgilar chizdik. Ular har kuni huquqbuzarlik va jinoyatchilikka qarshi kurashish maydonida. Bu – mashaqqatli, ammo sharafli yumush. Albatta, bunday mas’uliyatli vazifani uddalashga temir intizom va Vatanga muhabbat orqaligina erishiladi.

Barcha yangiliklar

Text to speech