“U-18” o‘smirlar o‘rtasida shahar kubogi final bosqichi yakunlandi
Sportning voleybol turi bo‘yicha “U-18” o‘smirlar o‘rtasida Ichki ishlar vazirligiga qarashli “Jar” sport-sog‘lomlashtirish majmuasida Toshkent shahar kubogi musobaqasi o‘tkazildi. Unda jami 12 ta (5 ta qizlar va 8 ta o‘g‘il bolalar) jamoa qatnashdi. Uch kun davom etgan shiddatli va qiziqarli bellashuvlarda 300 nafar o‘g‘il va qizlar ishtirok etib g‘oliblik uchun kurash olib borishdi. Final bosqichiga chiqqan jamoalarning g‘oliblik uchun kurashlari ham murosasiz, sport ruhiga to‘la, qat’iylik va keskinlik tarzida o‘tdi. Yakuniy natijalarga ko‘ra o‘g‘il bolalar o‘rtasida: 1-o‘rin Chilonzor tumani, 2-o‘rin Mirzo Ulug‘bek tumani, 3-o‘rin Mirobod tumani jamoalariga nasib etdi. Qizlar o‘rtasida: 1-o‘rinni Mirzo Ulug‘bek tumani, 2-o‘rinni Yunusobod, 3-o‘rinni Chilonzor tumani jamoalari egalladi. 1-o‘rinni egallagan jamoalar respublika chempionatida qatnashish huquqini qo‘lga kiritishdi. G‘olib va sovrindorlar O‘zbekiston respublikasi Voleybol federatsiyasi Toshkent shahar boshqarmasi rahbariyati tomonidan diplom va esdalik sovg‘alari bilan taqdirlandilar. Mazkur musobaqa yoshlarimizni sportga ishtiyoqini oshirish, sog‘lom turmush tarzini targ‘ib etish Toshkent shahrida voleybol sportini yanada ommalashtirishga qaratilgan bo‘lib, yoshlarni bo‘sh vaqtlarini mazmunli o‘tkazish, jismonan va ruhan chiniqtirish, sog‘lom fikrlashga o‘rgatish yo‘lida muhim qadam bo‘lib xizmat qiladi.