“Oila-xodim-rahbar samimiy muloqoti” oyligi doirasida kuni kecha poytaxtimizning muhtasham “Turkiston” saroyida IIBB Yo‘l harakati xavfsizligi va Patrul-post xizmati boshqarmalari xodimlari bilan yig‘ilish o‘tkazildi. Xizmat intizomi va qonunchilikni mustahkamlash, o‘z vazifalarini sidqidildan bajarib, poytaxtimiz hududida tinchlik-osoyishtalikni ta’minlash, jamoat tartibini saqlash, jinoyatchilik, huquqbuzarliklarga qarshi kurashish borasida fidoyi xizmat qilib kelayotgan xodimlarni rag‘batlantirish orqali ularda xizmatga bo‘lgan ishtiyoqi va ijobiy munosabatlarini shakllantirishga qaratilgan uchrashuvda YHXB, PPXB xodimlari, ularning ota-onalari va faxriylar ishtirok etishdi.
Tadbirni poytaxt IIBB boshlig‘i, polkovnik Ravshan Sultanxodjayev kirish so‘zi bilan ochib berarkan, u o‘z nutqida so‘nggi yillarda ichki ishlar organlari faoliyatini zamon talablariga mos ravishda tashkil etish borasida hukumatimiz tomonidan ellikdan ortiq qonunlar, Prezidentimizning bir yuz ellikdan ziyod Farmon va Qarorlari, Vazirlar Mahkamasining ikki yuz ellikdan ortiq qarorlari qabul qilinganligiga urg‘u berdi. Qabul qilinayotgan normativ-huquqiy hujjatlarda ichki ishlar organlarida kadrlar siyosati, kadrlar tayyorlash va qayta tayyorlash, malakasini oshirishni samarali yo‘lga qo‘yish, ma’naviy-ma’rifiy shakllanishi va rag‘batlantirish ishlarini tashkillashtirish, xizmatni o‘tash tartibi va mehnat munosabatlariga rioya etish, shuningdek, ijtimoiy himoya jarayonlarini ta’minlash borasidagi jihatlarga e’tibor berilayotgani, ushbu hujjatlarda ichki ishlar organlari xodimlari ijtimoiy-huquqiy himoyasini ta’minlash me’yorlari belgilangani, eng muhimi, kundan kunga ichki ishlar organlari xizmati ilg‘or, zamonaviy texnik vositalar bilan jihozlanib, moddiy-texnika bazasi mustahkamlanayotgani barobarida xodimlarning xizmat o‘tash va yashash sharoitlari yaxshilanib borayotganiga to‘xtaldi.
Xodimlar faoliyatini va ijtimoiy himoyasini yaxshilash uchun muhtaram Prezidentimizning qarorlari bilan yigirmaga yaqin turli xil imtiyozlar jumladan: imtiyozli ipoteka krediti asosida uy-joylar sotib olish, dastlabki foiz pulini to‘lab berish, uy-joy sharoitini yaxshilash uchun foizsiz qarz ajratish kabi ijtimoiy va tibbiy yordamlar qatorida farzandlarini maktabgacha ta’lim va bilim yurtlariga qabul qilinishida belgilangan imtiyozlar qayd etib o‘tildi. Xususan, o‘tgan 2024 yilda 237 nafar xodimlarning farzandlariga oliy ta’lim muassasalariga o‘qishga kirishi uchun imtiyozli tavsiyalar berilgan bo‘lsa, 94 nafari davlat granti hamda 70 nafari kontrakt asosida bilim yurtlariga qabul qilingan. IIBB xodimlarining ijtimoiy himoyasiga 27 mlrd. so‘mga yaqin mablag‘ ajratilgan.
Ma’ruzachi xodimlar orasida xizmat intizomini, amaldagi qonun talablarini buzayotgan holatlarga ham to‘xtalib, o‘z xizmat mavqelarini suiiste’mol qilgan, ichki ishlar xodimi degan nomga dog‘ tushirayotgan xodimlar borligi og‘riqli nuqta ekanligini ta’kidladi.
Shundan so‘ng o‘z xizmat burchlarini vijdonan bajarib kelayotgan, poytaxtimiz hududida jamoat tartibini saqlash, fuqarolarimiz xavfsizligini, huquq va erkinliklarini ta’minlash, jinoyatchilikka qarshi kurashish borasida samarali xizmat qilayotgan bir guruh xodimlarimizni taqdirlash uchun so‘z IIBB boshlig‘i o‘rinbosari, polkovnik Aliahmed Choriyevga berildi. A.Choriyev poytaxt Ichki ishlar bosh boshqarmasi tomonidan hududda tinchlik-osoyishtalikni ta’minlash borasida sohaviy xizmatlar tomonidan amalga oshirilayotgan ishlarga e’tiborni qaratdi. Toshkent shahar aholisiga qulayliklar yaratish, ko‘chalarda harakat xavfsizligini ta’minlash, yo‘l-transport hodisalari, jinoyatchilikni oldini olish, jamoat tartibini saqlash, xavfsizligini ta’minlash, giyohvandlik va psixotrop moddalarni aniqlash, giyohvandlik bilan bog‘liq jinoyatlarni fosh etish, qidiruvdagi shaxslarni ushlash, ommaviy tadbirlarda barqarorlikni ta’minlash ishlarida faol qatnashib, o‘z vazifalariga vijdonan, sidqidildan yondashib, hamkasblariga o‘rnak bo‘lib kelayotgan bir guruh xodimlarga mukofotlar topshirildi. Ularning ota-onalariga minnatdorlik e’lon qilindi. Ichki ishlar organlarida samarali mehnat qilib, xizmat muddatlarini o‘tab, nafaqa yoshiga yetgan xodimlar tantanali ravishda nafaqaga kuzatildi. Yig‘ilishning badiiy qismi IIBB qoshidagi “Nihol” havaskorlik guruhining badiiy chiqishlari, sho‘x kuy-qo‘shiqlari, raqslari bilan davom ettirildi.