25 Noyabr 2025 Yil 173

Tumanlarda sayyor sud majlislari o‘tkazildi

“Xavfsiz va sog‘lom yurt” oyligi doirasida tumanlar IIO FMB Probatsiya hisobida turuvchi shaxslar bilan masʼullar tomonidan sayyor sudlar, ochiq muloqot tarzidagi uchrashuvlar, profilaktik suhbatlar o‘tkazib kelinmoqda. Xususan, Yashnobod tumani probatsiya nazoratidagi shaxslar bilan o‘tkazilgan uchrashuvda ularning muammolari o‘rganilib, “Ishga marhamat” mehnat yarmarkasi tashkil etildi. Korxonalar tomonidan taklif etilgan bo‘sh ish o‘rinlariga qiziqish bildirib, tegishli maʼlumotlar olgan 7 nafar fuqaroning bandligi taʼminlandi. Probatsiya bo‘limi xodimlarining taqdimnomasiga ko‘ra sayyor sud jarayonida 5 nafar mahkumning muddatidan oldin jazodan ozod qilinishi maʼqullandi.

Chilonzor tumanida o‘tkazilgan profilaktik tadbirlar qatorida Probatsiya bo‘limi ro‘yxatida turuvchi shaxslar uchun sayyor sud majlisi tashkillashtirildi. Bo‘lim nazoratidagi shaxslarning xulqi, intizomi, qonunchilik va mehnatga munosabati bo‘yicha to‘plangan maʼlumotlar sudga taqdim etilib, 14 nafar mahkumlar Jinoyat kodeksining 73-moddasiga asosan muddatidan avval shartli ozod etildi. Ozod etilgan shaxslar hamda probatsiya ro‘yxatida turuvchi mahkumlarning muammolari o‘rganilib, hal etish maqsadida tuman hokimi, prokurori va IIO FMB rahbari bilan uchrashuvlari tashkil etildi. Unda muammolarga yechim topilib, ularni foydali mehnat bilan band qilish, tadbirkorlik faoliyatini olib borish istagini bildirganlarga tegishli tavsiyalar berib o‘tildi.

Uchtepa tumani rahbariyati tomonidan tumanning “Vatan” mahalla fuqarolar yig‘inida o‘tkazilgan uchrashuvda tuman Probatsiya bo‘limida ro‘yxatda turuvchi mahkumlar ishtirok etishdi. Uchrashuv davomida ularning yashash sharoitlari, bandlik masalalari, ijtimoiy muammo va ehtiyojlari o‘rganildi. O‘rganishlar natijasida muammolarni hal etish yuzasidan huquqiy tushuntirishlar berilib, o‘rnatilgan tartib-tamoyillarga rioya etish, jamiyatga qaytish jarayonlarida faol bo‘lishga chaqirildi. Shuningdek, mavjud muammolarni qonuniy yo‘l bilan hal qilish bo‘yicha masʼullarga aniq topshiriq va tavsiyalar berildi. Uchrashuvlardan asosiy maqsad – jinoyatchilikni oldini olish, jamiyatga moslashish jarayonida turgan shasxlarga ko‘mak berish, huquqiy savodxonligini oshirish, jamiyat qurilishining faol ishtirokchilariga aylanishda qo‘llab-quvvatlashdan iboratdir.

Barcha yangiliklar

Text to speech