Tumanlarda “Migratsiya profilaktikasi oyligi” davom ettirilmoqda
Poytaxtimizda “Migratsiya profilaktikasi oyligi” doirasida profilaktik tadbirlar davom etmoqda. Oylik doirasida Olmazor tumani IIO FMB boshlig‘i, polkovnik Ibrohim Xasanov tumanda joylashgan “Qichqiriq” mahallasida bo‘lib, tadbirga jalb etilgan xodimlar ishtirokida yo‘riqnoma o‘tkazib, oylikning mazmun-mohiyati, tadbirdan ko‘zlangan maqsad, xodimlarning oldiga qo‘yilgan vazifalari bilan tanishtirdi. Ushbu mahallada bir yarim mingga yaqin xonadonlar mavjud bo‘lib, besh yarim mingga yaqin turli millat vakillaridan iborat aholi tinch-osoyishta istiqomat qilib kelmoqda. Uzoq vaqt davomida chet davlatlarda yashab, mehnat migratsiyasidan qaytib kelgan shaxslarning bandligini ta’minlash, ularning muammolarini ijobiy hal qilish va sog‘lom hayotga qaytarish, ular bilan ijtimoiy profilaktik tadbirlarni amalga oshirish maqsadida mahalla hududida ro‘yxatdan o‘tmay yashab kelayotgan shaxslar ro‘yxatga qo‘yildi. Ular bilan suhbatlarda doimiy ish bilan band bo‘lmaganlarni ish bilan ta’minlash choralari ko‘rildi. Uzoq muddatga Respublika hududidan chiqib ketgan 175 nafar fuqaroning yaqinlari bilan tushuntirish ishlari olib borildi. O‘ttizga yaqin profilaktik hisobda turuvchi fuqarolar bilan suhbatlar o‘tkazilib, ularning muammolari tinglandi. Uch nafar janjalkash oilalar bilan mahalla “yettiligi” individual tartibda ishlandi. Mahalla ahli bilan o‘tkazilgan tushuntirish ishlarida mahalla tinchligi va osoyishtaligini saqlashda, jinoyatchilikni oldini olishda ogohlikni oshirish, mahallaga begona shaxslar kelganida yoki noqonuniy yashab kelayotganlar haqida mahalla profilaktika inspektorlariga o‘z vaqtida xabar berish lozimligi ta’kidlandi. Bu kabi tadbirlar poytaxtimizning barcha tumanlarida davom ettirilmoqda.